Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Otaboyev Xalq banki raisi etib tayinlandi

Shuhrat Otaboyev Xalq banki raisi etib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat Xoldarovich Otaboyev aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

Shu paytgacha Boshqaruv Raisi vazifasida ishlagan Farhod Salamov esa boshqa ishga o‘tkazilgan.

Shuhrat Otaboyev 1978 yilda tug‘ilgan. Dastlab Toshkent moliya instituti, keyinchalik Yaponiyaning Siyosiy fanlar Milliy instituti hamda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1995 yil Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlagan. 1998 yildan boshlab Toshkent davlat texnika universiteti «Kamolot» jamoat markazida bosh hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2001-2012 yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida turli lavozimlarda mehnat qilgan. 2015-2017 yillarda AT Xalq banki Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari, 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari, 2018-2021 yillarda «Ipoteka bank» ATB Boshqaruvi Raisi lavozimlarida ishlagan. Joriy yil fevral oyidan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida mehnat qilib kelayotgan edi.

Bugun yangi rahbar Xalq banki jamoasiga tanishtirilgan. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi B. Nurmuratov hamda Moliya vaziri T. Ishmetov ishtirok etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring