Shavkat Mirziyoyev yiliga 500 tonna baliq yetishtiruvchi korxona faoliyati bilan tanishdi (foto)
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, xususan baliqchilik tarmoqlarini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Baliqchilik xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish, yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliq qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazkur ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil bo‘lmoqda, deb yozmoqda Prezident matbuot xizmati.
Sohaga qaratilayotgan e’tibor tufayli 2018 yilning dekabr oyida Karmana tumanida «Export Fish Product» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z ishini boshladi. Amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 37 milliard so‘m bo‘lib, shundan 30 milliard so‘m bank krediti, 7 milliard so‘m korxona mablag‘idir. Bu yerda usti yopiq suv havzalari, 500 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, shuningdek, aholining hordiq chiqarishi, ya’ni shu yerning o‘zida baliq tutib iste’mol qilishi uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi va saylgoh qurilgan. Ellikta ish o‘rni yaratilgan.
Korxona to‘liq quvvat bilan ishlagach, bir yilda 500 tonna baliq, 100 million dona baliq chavoqlari yetishtiriladi. Kelajakda korxona 800 ta aholi xonadonida ham intensiv usulda baliq boqishni rejalashtirgan. Natijada 900 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. Korxona tasarrufidagi 2 ming gektarlik ko‘lda yetishtiriladigan baliq klaster usulida qayta ishlanib, undan baliq uni, moyi, filesi, konservasi, yarim tayyor holatda baliq kotleti va dudlangan baliq tayyorlanadi. 600 tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida mazkur korxona faoliyati bilan ham tanishdi.
- Mahsulot ko‘p bo‘lsa, raqobat bo‘ladi, raqobat bo‘lsa, sifat oshadi, sifati yuqori bo‘lsa, eksport samarali bo‘ladi, - dedi davlatimiz rahbari. - Oddiy odamlarni boy qilsak, davlat ham boy bo‘ladi.
Shu yerning o‘zida viloyatda qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari bo‘yicha agroklasterlar tashkil etish, yaylovlar holatini yaxshilash loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Masalan, «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida «NAVOIY ISHONCH GILAMLARI» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sun’iy yomg‘ir usulida sug‘orish texnologik uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada suv, yoqilg‘i, mineral o‘g‘itlar sarfi kamayadi. Umumiy qiymati 41 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha natijasida 50 kishining bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Konimex tumanida «Konimex texno oazis» MChJ tomonidan tuyachilik va yilqichilikni rivojlantirish loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Xorijdan 900 bosh tuya, yilqi, naslli qo‘y olib kelinadi. Ot maktabi tashkil etilishi va chavandozlar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari baliq yetishtirishga ixtisoslashgan shunday korxonalarni, chorvachilik xo‘jaliklari sonini ko‘paytirish, yer unumdorligini hamda tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter