O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy ko‘magida Rishtonda kulolchilik markazi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy ko‘magida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 20 nafar kulol-hunarmand uchun kulolchilik xonadonlari va muzey-galereyalar barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Majmua ishga tushsa, hududda qo‘shimcha 130dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida yurtimizda yoshlar, ayollar hamda aholining kam ta’minlangan qismini milliy hunarmandchilikka keng jalb qilish va shu orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida qator tijorat banklari zimmasiga ustuvor vazifalar yuklatilgan.
Xususan, O‘zsanoatqurilishbank mutasaddi tashkilotlar bilan birga Rishton kulolchilik maktabi tajribasini respublika miqyosida keng targ‘ib etish, uni «Ustoz-shogird» an’analari yo‘nalishida rivojlantirish, bu borada sohaga doir loyihalarni muvofiqlashtirish va moliyalashtirish bo‘yicha mas’ul muassasa etib belgilangan.
Ayni paytda Bank tizimida ushbu topshiriqlarni samarali ijro etish yo‘lida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Bosh bankda yangi tuzilma – Kulolchilikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashkil etildi, mintaqaviy filiallarda mas’ul xodimlar tayinlandi, viloyat va tumanlar hokimliklari bilan yaqin hamkorlikda «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, dastlabki ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida 20 nafar kulol-hunarmand uchun har biri 462 kv. metr o‘lchamli, ikki qavatli (shundan birinchi qavati ustaxona va savdo do‘koni) kulolchilik xonadonlari va muzey-galereyalar qurish hamda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun viloyat hokimligi qarori bilan hududdagi 1,1 gektar yer maydoni Rishton tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazildi. Majmua qurilishiga jami 12 mlrd. so‘mlik investitsiya kiritish hamda uni 4-5 oy davomida bitkazib, foydalanishga topshirish belgilandi.
Shuningdek, Bank tomonidan «Hunarmand» uyushmasi hamda viloyat hokimliklari bilan birgalikda respublikamizning yana 30 ta shahar va tumanlariga Rishton kulolchilik maktabi tajibasini olib kirish, buning uchun umumiy qiymati 25,1 mlrd. so‘mlik 60 ta loyihani amalga oshirib, pirovardida, 400 ga yaqin ish o‘rnini barpo etish rejalashtirilgan.
Hozirda ushbu yo‘nalishda tasdiqlangan tarmoq jadvalga asosan 23 ta loyiha bo‘yicha qariyb 960 mln. so‘m hajmida kredit mablag‘i ajratildi, Rishton kulolchilik maktabi tajribasi bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazish uchun 4 nafar usta-kulol viloyatlarga biriktirildi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter