O‘zsanoatqurilishbank «og‘ir» tumanlarda ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda (foto)
![O‘zsanoatqurilishbank «og‘ir» tumanlarda ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda (foto)](https://static.xabaruz.com/crop/5/2/720_460_95_526188511.jpg)
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari uchun Sirdaryo viloyatiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar Bankning moliyaviy ko‘magida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati hamda mazkur hududda muassasa mijozlariga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.
Bunda hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajriba asosida faktoring amaliyotini rivojlantirish, sharoiti «og‘ir» bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga ustuvor ahamiyat berilgan.
Aytish joizki, O‘zsanoatqurilishbank tizimida qariyb 4 yildan buyon olib borilayotgan xalqaro moliya bozoriga integratsiyalashuv sa’y-harakatlari tadbirkorlik sub’yektlariga xizmat ko‘rsatishni tubdan takomillashtirdi.
Bankning barcha filiallari qatori Sirdaryo viloyati mintaqaviy filialida ham ushbu toifadagi mijozlarni 3 segmentga bo‘lib, har biriga individual ravishda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bank xizmatlari va mahsulotlari ular uchun ham yakka tartibda, ham majmuaviy tarzda taklif etiladigan bo‘ldi.
Soha sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida bank filiali tomonidan 2021 yilda 506,3 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilib, natijada 1500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari barpo etildi.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan OAV xodimlarini Sirdaryo viloyatidagi yangi ishlab chiqarish ob’yektlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar ushbu korxonalarning bir nechtasiga tashrif buyurdi.
Ular dastlab Guliston tumanidagi «MISS MILEDI» korxonasida bo‘lib, trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik sex faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
– To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati respublikamiz iqtisodiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri, – deydi «MISS MILEDI» MJ rahbari Nargizaxon Mallaboyeva. – Hukumatimiz tomonidan soha ishlab chiqaruvchilarining doimiy qo‘llab-quvvatlovi ostida korxonalar o‘rtasida kuchli raqobat vujudga kelgan. 12 yillik tajribaga ega «MISS MILEDI» mahsulotlarining nafaqat mahalliy, balki jahon bozorida o‘z xaridorlariga egaligi bizning ustunligimiz. O‘tgan yili «Tashabbus-2021» ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida «Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori» nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritganimiz bizni yangi loyihaga qo‘l urishga undadi. Umumiy hajmi 4 mlrd. so‘mlik loyihamizning 50 foizi O‘zsanoatqurilishbank kredit mablag‘lari hisobiga qoplanib, uni qisqa fursatda ishga tushirishga erishdik. Hozirda korxonamiz to‘la quvvatda ishlamoqda. Hududning 400 nafar xotin-qizini ishga jalb qilganmiz.
Press-turda jurnalistlar uchun keyingi manzil qizilmiya ildizini qazish va qayta ishlashga ixtisoslashgan «ORAL EKSPORT IMPEX» mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-apreldagi «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida Bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobiga ish boshlagan mazkur korxonada 30 ta ish o‘rni barpo etilgan. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yo‘naltirilgan.
Press-tur davomida OAV xodimlari Guliston shahrida aholiga zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatib kelayotgan «ABROR UROLOGIYA KLINIKASI»ga ham tashrif buyurdi.
U yerda mehmonlarni jamiyat rahbari Quvondiq Bultekov qarshi olib, klinika faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi, O‘zsanoatqurilishbank kredit mablag‘lari hisobiga chetdan keltirilgan ilg‘or tibbiy uskuna va jihozlar imkoniyatlarini bemorlar misolida ko‘rsatib berdi.
Press-tur kun tartibiga ko‘ra, jurnalistlar uchun «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning Sirdaryo mintaqaviy filialida matbuot anjumani ham tashkil qilinib, unda muassasa faoliyatining 2021 yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Bank tizimida olib borilgan transformatsiya jarayonlari uning mazkur filiali faoliyatida ham katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishiga omil bo‘ldi.
Xususan, muassasa tomonidan kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 3,1 barobarga va jismoniy shaxslar uchun 1,7 barobarga oshgan, bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘payib, chakana mijozlar soni 4,2 barobarga o‘sgan.
2021-yil davomida kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga kredit ajratish belgilangan rejadan 108 foizga, aholi bo‘sh pullarini omonatlarga jalb qilish esa 183 foizga bajarilgan.
Matbuot anjumanida filial tomonidan mijozga yo‘naltirilganlik tamoyili asosidagi ishlar faol davom etayotgani ta’kidlandi.
Tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning o‘tgan birinchi choragida 300,1 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilib, pirovardida, 20ga yaqin loyihalar ishga tushirilgan, mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter