O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumida umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi bank va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes-forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan turkiyalik ishbilarmonlar sarmoyalarini rag‘batlantirish va to‘liq himoya qilish maqsadida zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi. Shuningdek, bugungi forum 2017-yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan tashrif doirasida Istanbul shahrida o‘tkazilgan biznes-forumning mantiqiy davomi ekanligi, o‘tgan qisqa vaqt ichida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga erishilgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz turkiyalik bank va kompaniyalar rahbarlariga O‘zbekiston bilan samarali hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Biznes rivojiga g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlar olib tashlandi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni qat’iy davom ettirgan holda, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati keskin kamaytirildi.
Tadbirkorlik sub’yektlarini litsenziyalash jarayonlarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga doir qarorlar qabul qilindi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatida 42 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayonlari bekor qilindi. 38 turdagi faoliyat uchun litsenziyalar 17 tagacha optimallashtirildi, 25 turdagi tadbirkorlik faoliyati uchun ruxsat berish jarayonlari soddalashtirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Soliq konsepsiyasi biznes va investorlar uchun juda katta yengillik beradi.
Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilib, ularda investorlar barcha turdagi soliq to‘lovlari va import bojlaridan ozod etilgani ta’kidlandi. Hozirgi kunda 300 dan ziyod investor erkin iqtisodiy hududlarda yaratilgan qulay sharoitlardan foydalangan holda faoliyat olib bormoqda.
Turkiya ishbilarmonlari uchun ham alohida qulayliklar yaratilgani, kirish vizalari bekor qilingani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda O‘zbekiston – Turkiya hamkorligida 500 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 59 tasi shu yilning birinchi choragida tashkil etilgan.
Turkiya Prezidenti va ishbilarmonlari Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili bunday qulaylik va yengilliklar ishbilarmonlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishini oshirganini ta’kidladi.
Muloqotda O‘zbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumida yengil sanoat, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmog‘i, tibbiyot, turizm, charm-poyabzal, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter