Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gaz tosh orasida bo‘ladi – gaz qazib olinishidagi bilmaganlarimiz

Gaz tosh orasida bo‘ladi – gaz qazib olinishidagi bilmaganlarimiz

Biz taom tayyorlash yoki choy qaynatish uchun bitta gugurt chaqib osongina yoqib yuboradigan gaz qancha mashaqqat evaziga xonadonimizga yetib kelishini bilamizmi? Ba’zan shunday bo‘ladiki, undan foydalanib bo‘lgach o‘chirib qo‘yish yoddan ko‘tariladi, yoki chiroq bo‘lmaganda shunchaki uyni salgina yoritish uchun yoqib qo‘yadiganlar ham bor.

Qishda gaz plita tunu-kun yonishi esa boshqa masala. Umuman, bu savol ko‘proq kommunal xizmatlarga tegishli va uni ko‘targandan naf yo‘q. Shunchaki, ular ham konchilar zimmasidagi mashaqqatni salgina sezsin deb yozdik-qo‘ydik. Xuddi o‘zimiz singari.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Qoraqalpog‘istonga tashkil etilgan press-tur davomida biz - turli OAV xodimlari mana shu mashaqqat bilan ozmi-ko‘pmi, tanishib oldik. Ikki, uch, ba’zan esa to‘rt yoki besh ming metr chuqurlikdagi qattiq jinslar orasida yotgan gazni yuqoriga tortib olib, zaxarli moddalardan tozalab, sovutib, iste’molga yaroqli qilib, minglab kilometrlarga uzatib berish haqiqiy qahramonlik ekaniga ikki kunlik safar davomida yana bir bor amin bo‘ldik.

Gaz o‘zi qanday qazib olinadi? Eng avvalo u bor joyni topish kerak. Tabiiy gaz ba’zilar o‘ylaganidek yer ostidagi ulkan g‘ovakda saqlanmaydi, balki bir necha ming metr chuqurlikdagi qattiq jinslarda joylashgan mayda teshiklarda katta bosim ostida bo‘ladi. Bu qatlam 1000 metrdan bir necha kilometrgacha chuqurlikda bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, bu raqam allaqachon 4500 metrga yetgan va yaqin vaqtlar ichida konchilarimiz 6 ming metrga qadar tushishi kutilmoqda. Xozirgi kunda aynan shu ustida ish boryapti.

Yangi kon topish uchun avvalo geologik qidiruv ishlari o‘tkazish lozim va gaz aynan qayerda bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinib, qazib olishga tayyorlarlik jarayoni boshlanadi. Ya’ni, shunchaki gazni yer qa’ridan olish bilan ish bitmaydi, uni yana zaharli qo‘shimchalar, suv va boshqa jinslardan tozalash, kerakli joyga yetkazib borish kerak. Buning uchun esa yuzlab kilometrga tortiladigan quvurlar, tozalash korxonalari va boshqa uskunalar kerak.

Qattiq foydali qazilmalar (oltin, kumush, uran, ko‘mir va hokazo) bilan solishtirganda gaz olishning farqi shundaki, uni barcha bosqichlardan o‘tkazib, iste’molga yaroqli qilib, iste’molchiga yetkazib borgunga qadar ulkan, nozik va qimmatli infratuzilma lozim bo‘ladi.

Yana bir jihat – gazni kondan tortib olishda ham tegishli me’yor va qoidalarga albatta rioya etish shart. Masalan, qazish asnosida quduqlarning devorlari mustahkamlanishi kerak. Konda bir nechta quduqlar bo‘ladi, ularning barchasida bosim teng taqsimlanishi kerak. Aks-holda ostki qatlamlarda katta bosim ostida turgan suv yuqoriga ko‘tarilib ketadi va gaz yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Oqibatda kon imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmay qolish mumkin. Shuning uchun ham butun kon bo‘ylab quduqlar bosimini bir xilda ushlab turish juda muhim.

Bizga aytishlaricha, ayni vaqtda foydalanishda bo‘lib turgan aksariyat konlar o‘tgan asrning 70-80 yillarida ochilgan bo‘lib, tabiiyki ulardagi bosim tobora tushib bormoqda. «O‘zbekneftgaz» AJ yigitlari bu muammoni yechish uchun katta ishlarni amalga oshirmoqdalar. Ustyurt kengliklarida bo‘lganimizda bunga ko‘p va xo‘p guvoh bo‘ldik. Masalan, kuniga 1 million metr kubdan ko‘proq gaz beradigan quduq ko‘z o‘ngimizda ochilgani alohida taassurot. Olti ming metr chuqurlikka qadar qazilayotgan quduq bilan tanishish asnosida esa o‘zimiz bilmagan ko‘p narsalarni o‘rgandik.

Konchilarning aytishicha, bu quduq yaqin oylar ichida qazib bo‘linadi va undan kutilayotgan umidlar juda katta. Nasib qilsa, yangi quduq ochilishida yana ko‘rishishga kelishib xayrlashdik.

Umidlar katta, oqibati esa xayrli bo‘lsin.

Zafar QOSIMOV,
Toshkent - Nukus - Ustyurt

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring