Eng kam ish haqiga yashab bo‘ladimi? O‘rtacha maoshga-chi?
Xalqimizda «Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor?» degan ibora bor. Bu ibora osmondan tushmagan yoki bekorga ham gapirilmagan. Haqiqatan ham aksariyat pul muammosi bo‘lmagan holda to‘kin-sochin dasturxon bilan yashaydigan insonlarning bugun ikkitagina nonga pul topsa olib yeydigan, topa olmasa och o‘tiradigan insonlar bilan ishlari bo‘lmayapti nazarimda. Har birimiz bu iboraning topib aytilganiga hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz.
Yo‘q, hozir aynan shu mavzuga to‘xtalish niyatim yo‘q. Qorni to‘qlarni muhokama qilmoqchi ham emasman. Bunga haqqim ham yo‘q. Men quyida jamiyatimizdagi chin ma’nodagi «qorni ochlar» — aholining kam ta’minlangan qatlami, ishga layoqati bo‘lmagan yoki bolalikdan nogironlar yoki yoshga doir arzimagan nafaqa olib tirikchiligini amallab o‘tkazib yurgan insonlar haqida fikr bildirmoqchiman.
Hammamizga ma’lum, 2017-yil 1-dekabrda eng kam ish haqining miqdori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatimizda o‘sha kundan boshlab eng kam ish haqi 172 240 so‘mni tashkil etadi. Yoshga doir pensiya va bolalikdan nogiron bo‘lganlarga nafaqa — 336 880 so‘m. Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori esa 206 720 so‘mni tashkil etadi.
Eng kam ish haqini e’lon qilishda har doim yuqorida keltirganim;
1. «Yoshga doir pensiya oladiganlar»
2. «Bolalikdan nogironlar»
3. «Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagilar»
4. «Mehnatga layoqatsiz insonlar» tilga olinadi va ularga to‘lanadigan nafaqalar miqdori aniq qilib ko‘rsatiladi.
Yana «aholining kam ta’minlangan qatlami»ga ham birinchi navbatda shular kiradi. Ana shu yerda savol tug‘iladi: agar ular yoshga doir pensiya olishsa, bolalikdan nogiron bo‘lishsa, ular olayotgan 336 880 so‘m mablag‘ ularga oddiy yashashlari uchun yetarli bo‘lyaptimi?
Yoki ular zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagilar va mehnatga layoqatsiz insonlar bo‘lishsa, hozirgi kunda olayotgan 206 720 so‘m nafaqalari ularning bir oy oddiy yashashi uchun yetarli bo‘ladimi?
Qachon televizorning qulog‘ini burasam bir deputat yo qaysidir vazirlik xodimi yoki yana qandaydir bir mas’ul shaxs «aholining kam ta’minlangan qismiga falon yordam qildik, pismadon qildik», deb allaqayerlardagi hisobotlarni aytib turgan bo‘ladi. Lekin o‘sha «aholining kam ta’minlangan qismiga qilingan yordamlar» nimalardan iborat bo‘lganini birida aytishadi birida esa hisobotdan parcha aytib berish bilan cheklanishadi. Ha, ko‘ryapmiz, aholining kam ta’minlangan qismiga kiruvchi kishilarga yordam qilinyapti. Ammo yuz foiz hammasiga ham emas.
O‘sha, aholining kam ta’minlangan qismiga kiruvchi yoshga doir pensiya oladiganlarning, bolalikdan nogiron bo‘lganlarning, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarning, mehnatga layoqatsiz fuqarolarning orzu-havaslari yo‘q deysizmi? Yoki ularning aybi mehnatga layoqatsizligi-yu, bolalikdan nogiron ekanliklarimi? E, yo‘q. Ularning ham orzu-havaslari bor. Ularning ham aksariyatida oila bor, bola-chaqa bor, ro‘zg‘or tebratish tashvishi bor. Xo‘sh, bugungi kunda berilayotgan nafaqalar ularga orzu-havaslariga yetishishlari uyoqda tursin hatto oddiy yashashi uchun qanchalik yetarli, buni hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Tanish-bilishlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz yoki qo‘ni-qo‘shnilaringiz orasida o‘shanday insonlar bo‘lsa, ular o‘zlariga berilayotgan arzimas nafaqa puli bilan qanday yashayaptilar, hech e’tibor berganmisiz? Men ularning ahvollarini o‘ylab ko‘rganman, men ularning ahvoliga e’tibor berganman, ular qiyinchilikda, mamlakatimiz bo‘yicha hisoblaganda turmushning eng past darajasida yashayaptilar.
Axir 336 880 so‘mni «yoshga doir pensiya oladiganlar va bolalikdan nogironlar» bir oy davomida nimaga ham yetkaza oladilar? Yoki 206 720 so‘m nafaqani «zarur ish stajiga ega bo‘lmagan va mehnatga layoqatsiz insonlar» nimalarga yetkaza oladilar? Buni bir yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. O‘zi nogiron, yo mehnatga layoqatsiz yoki pensiya yoshiga yetgan keksa bo‘lsa va oladigan nafaqasi yetmaganda jismoniy mehnat qilib pul topa olmasa, ular qanday qilib yashashi, qanday qilib tirikchiligini o‘tkazishi kerak? Savollar ko‘p, javob esa yo‘q.
Aholining kam ta’minlangan qismi yashash sharoitlarini o‘rganar ekanman ularning oladigan nafaqa miqdori bilan ba’zi narsalarning narxlarini solishtirib ko‘rdim. Ular hozir oladigan nafaqa pulini hech narsaga sarflamasdan yig‘ib borganida ham ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan ko‘pgina narsalarni xarid qilish uchun ancha yillar kutishlariga to‘g‘ri kelar ekan. Bu ular ana shu narsalarni bir umr sotib ololmasdan o‘tishlari ham mumkin, deganidir.
Ba’zi narsalarni, masalan, oddiy va o‘rtacha narxdagi avtomashinani sotib olish uchun ular o‘sha nafaqa pullarini hech narsaga ishlatmasdan yig‘salar 20-30 yillab vaqt kerak bo‘lar ekan. Qimmatroq avtomashina sotib olish uchun esa hatto umr bo‘yi yig‘salar ham yetmas ekan.
Ular oladigan nafaqa bilan oddiy ro‘zg‘orga kerak bo‘ladigan buyumlar narxlarining solishtirmasi:
1. O‘rtacha baholanadigan yangi avtomashina olish uchun eng kam ish haqining kamida 250 barobari miqdorida mablag‘ kerak. Bu degani eng kam ish haqi oladigan odam nafaqasini ishlatmasdan yig‘ib borsa hozirgi holatda 20 yildan keyin «Damas» yoki «Matiz» mashinasini xarid qila oladi. Agar qimmatroq mashina olishni xohlasa kamida 40-50 yil vaqt kerak.
Agar o‘sha kishi yoshga doir pensiya oladigan yoki bolalikdan nogiron bo‘lganlarga to‘lanadigan 336 880 so‘m nafaqa oluvchi shaxs bo‘lsa o‘rtacha mashina olish uchun 12-15 yil nafaqasini yig‘ib borishi kerak. Agar o‘sha shaxs qimmatroq mashina olmoqchi bo‘lsa 25-30 yil nafaqasini yig‘ib borishi kerak.
2. Sovutkich, televizor, gaz plitasi, kir yuvish mashinasi kabi ro‘zg‘orga zarur buyumlarning oddiyrog‘i va o‘rtacharog‘ini olish uchun eng kam ish haqining 10 baravaridan 30-40 baravarigacha bo‘lgan mablag‘ kerak. Demak, eng kam ish haqi oladigan odam ana shu buyumlardan arzonrog‘ini olishi uchun qariyb bir yillik nafaqasini yig‘ishi, yaxshirog‘ini olish uchun esa ikki-uch yillik nafaqasini yig‘ib borishi kerak.
3. Agar kam ta’minlangan shaxs uy qurmoqchi yoki tayyorini sotib olmoqchi bo‘lsa bunga uning bir umrlik nafaqa pulini yig‘sa ham yetmasligi mumkin.
4). Eng kam ish haqiga bugungi kunda bor-yo‘g‘i 4-5 kg. atrofida suyakli go‘sht beradi.
Mehnatga layoqatsizlar oladigan 206 720 so‘mga esa 5-6 kg. atrofida suyakli go‘sht beradi.
Bolalikdan nogironlar va yoshga doir pensiya oladiganlarga to‘lanadigan 336 880 so‘mga esa 8-9 kg. atrofida go‘sht beradi.
5. Eng kam ish haqiga Qozog‘istonda tayyorlangan yoki Qozog‘iston bug‘doyidan o‘zimizda yanchib tayyorlangan bir qop oliy nav un beradi. O‘zimizning birinchi navli undan esa — ikki qop.
Men yuqoridagi ro‘yxatni yana davom ettiraverishim mumkin, ammo ishoning, hozirgi kunda eng kam ish haqi bilan o‘lchanadigan mablag‘ga yoki yoshga doir pensiya oladiganlar, bolalikdan nogiron bo‘lganlarga to‘lanadigan 336 880 so‘m pulga hatto bir kishi ham bir oy tirikchilik o‘tkazishi amrimahol. Endi zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz insonlarga to‘lanadigan 206 720 so‘mga bir oy yashash haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas.
O‘zingiz o‘ylang, ikki yil oldingiga qaraganda narxlar ikki-uch baravar oshib ketgan bugungi kunlarda 336 880 so‘m yoki 206 720 so‘m mablag‘ bilan qanday yashash mumkin. Endi o‘zbekning to‘y-tomoshasi, aza marosimlari yoki boshqa urf-odatlarini qo‘yib turaylik, bu mablag‘lar kundalik oddiy yeyish-ichishga yetmaydi. Nima bunday insonlar to‘y qilmasinlarmi? Yoki ularda boshqa xarajatlar yo‘qmi?
Umuman olganda, hozir aholining kam ta’minlangan qismi bir oylik yeyish-ichishiga yetarli bo‘lmagan nafaqa pulini olmoqda.
Yuqorida men «aholining kam ta’minlangan qismi» haqida yozyapman-u, ammo aholi orasidagi «o‘rtacha maosh»ga ishlab yurganlarning ham ahvoli havas qilgulik emas-da. Ular ham oladigan maoshlarini nimagadir yetkazsalar, yana nimalargadir yetkaza olmay, oydan-oyga qo‘l uchida zo‘rg‘a yashayaptilar.
Shu maqolani yozish asnosida ko‘z oldimga 600 ming so‘mdan oshiqroq maosh oladigan tanishim keldi. Ana shu 600 ming so‘mdan ziyodroq pul tanishimga keyingi oy yana maoshini olgunicha ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi. Bo‘lmasa tanishim maoshining bir so‘mini ham ortiqcha joyga sarflamaydi. Hammasi joy-joyiga ishlatiladi. Ammo baribir yetmaydi. Endi ana shu 600 ming atrofidagi maoshga oila tebratayotgan ko‘plab odamlarning ahvoli qanchalik qiyinligini so‘rayvering.
Bizda eng kam ish haqining oshirilishi grafikasiga qarasam, ba’zi yillarni aytmaganda, har doim yiliga bir marta oshirilgan. Yaqinda prezidentimizning qarori bilan bundan buyon oylik maoshlar yiliga ikki marta oshirilishi belgilab qo‘yildi. Bu ham faqat maoshga qarab qolgan ko‘plab insonlar uchun yaxshi xabar bo‘ldi. Ammo shu yerda yana bir mulohaza tug‘ilyapti. Ko‘pincha eng kam ish haqi va maoshlar oshirilganda budjet tashkilotlarida ishlaydiganlarning maoshlari oshadi, lekin xususiy ish beruvchilar turli sabablarni ko‘rsatib maoshlarni oshirmaydilar. Agar davlat miqyosida eng kam ish haqi va maoshlar oshirilganda shuni ham inobatga olib eng kam ish haqi va maoshlar oshirilganda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan har bir kattami, kichikmi xususiy, qo‘shma yoki xorijiy korxonalarga ham maosh oshirishni qonunan majburiy qilib qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ana shunda davlat korxonasida ishlaydimi yoki xususiy kompaniyalardami hammaning maoshi birday ko‘tarilar edi.
Keyin yana bir fikr: ish haqlarining oshirilishi grafikasiga qarasam ish haqlari shu paytgacha doim 1.1, 1.12, 1.15 baravar nisbatda ko‘tarilgan ekan. Narx-navolar keskin oshib ketaverishini inobatga olib bundan buyog‘iga ish haqlari 1.5 yoki 2 yoki undan ham baland nisbatlarda oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Umuman olganda biz bugungi nafaqa va maoshlar bilan 2014-yildagi nafaqa va maoshlarni solishtirsak o‘sish uncha katta bo‘lmagan. Eng kam ish haqi 2014-yil 15-dekabrdan 118 400 so‘m bo‘lgan, 2017 yil 1 dekabrdan 172 240 so‘mga ko‘tarildi. Demak, nafaqa va maoshlarning oshishi shu uch yilda 50 foizga ham yetmagan. Ammo narx-navolar ana shu o‘tgan uch yilda ikki-uch baravar oshib ketdi. Shuning uchun ham nafaqa va maoshlarni endi salmoqli foizlarda oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda turli nafaqa va maoshlar hisobiga yashaydigan aholining ham farovonligi, ham iqtisodiy ahvoli bir oz yaxshilanardi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter