Ye-kon, gaz zaxirasi va benzin – O‘zbekneftgaz AJ tizimidagi o‘zgarishlar haqida
Anomal sovuq yana qaytsa benzin taqchil bo‘lib qolmaydimi? O‘zbekistonda uglevodorod qazib olish qanday holatda, qanaqa yangi texnologiyalar bor va umuman, yurtimiz energetikasi kelajagi qanday? Bu savollarning barchasiga «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida batafsil javob berib o‘tildi.
Spoyler o‘laroq aytib o‘tamiz, jurnalistlar tashrifi davomida asosiy gap «Elektron kon» haqida bo‘ladi. Tanishuvni esa modellashtirish markazidan boshladik.
Markaz
Eski sovetcha kinolarda ko‘rganmiz, yengini shimarvolib, chizg‘ich-qalam bilan bir narsalarni qoralab o‘tirgan odamlar bo‘ladi. Ajabki, press-tur davomida aytilishicha energetika sohasida yaqingacha ham o‘sha chizg‘ich-qalam muomalada bo‘lgan ekan. Ammo endi manzara butkul o‘zgargan, eskicha tizimdan mutlaqo voz kechilgan va xozirgi «O‘zbekneftgaz» idoralari Gollivudning eng tomoshabop filmlaridagi mahfiy bazalarga o‘xshaydi.
Ma’lumotlar markazida nimalar qilinadi? Eng avvalo bu yerda neft va gaz sanoatiga oid ma’lumotlarni yaxlit tizimda birlashtirgan yagona Milliy ma’lumotlar bazasi bor. Bazani loyihalashtirish, zarur moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish, ularni o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha AQShning «Schlumberger» kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha uchun 6.5 million dollar sarflandi.
Natija esa kutilganidan ham ancha yaxshi bo‘ldi, ma’lum qilinishicha, o‘tgan vaqt davomida markaz faoliyati natijasida 64.4 million dollar iqtisod qilingan.
Markazda kishini aqlini shoshiradigan jihatlar anchagina. Masalan, birgina Zevardi konini olsak, raqamli modullashtirish natijasida o‘tgan asrning 80-yillaridan tortib bugungi kunga qadar konda qancha gaz bo‘lgani aniq-tiniq ko‘rsatib qo‘yilgan.
Bu hali hammasi emas, kon yana 10 yildan so‘ng qanaqa holatda bo‘lishi ham elektron modulda namoyish etildi. Mana shunday ma’lumotlar «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi 106ta konning barchasi bo‘yicha tayyorlanganini inobatga olsak, bajarilgan ish hajmini bilib olish mumkin.
Aytishlaricha, to‘rt-besh yil oldin ham konlarga oid ma’lumotlar qo‘lda chizilib, yozib borilgan ekan. Endi esa...
Dispetcherlik xizmati
Elektron kon loyihasi doirasida «Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti» alohida o‘rin tutadi. Bu yerda uglevodorodlarni qazib olish, qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha tezkor ma’lumotlar yig‘iladi. Barcha ma’lumotlar asosida texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi nazorat ostida bo‘lib turadi.
Natijada nostandart vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tezkor chora-tadbirlar ko‘rish imkonini yuzaga keladi. Aytaylik, biror konda ko‘rsatkichlar pasayib ketsa, darhol muammoni bartaraf etish mumkin.
Zo‘rmi?!
Loyiha miyasi
Bu ishlarning barchasining boshida «O‘ZLITINEFTGAZ» AJ turibdi. Tashkilot tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi konlarda uglevodorod xom ashyosini qazib olish tizimini tezkor tahlil qilish va boshqarish bo‘yicha dasturiy-texnik kompleks ishlab chiqilmoqda.
Ishlab chiqilayotgan tizimning maqsadi — yer usti jihozlash tizimlari bilan integratsiyalashgan tarzda tabiiy gazni qazib olishni to‘liq axborotlashtirish va raqamlashtirishdan iborat. Bu orqali konlardagi qazib olingan tabiiy gazni yo‘ldosh suvdan ajratish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, har bir quduqning texnologik ish rejimlarini va umuman konlarni optimallashtirish bo‘yicha quduq unumdorligining haqiqiy qiymatlarini hisobga olishga erishiladi.
Press-tur davomida jurnalistlarga O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish istiqbollari haqida to‘liq ma’lumot berildi. Shuningdek, jurnalistlar o‘tgan yili bo‘lgani kabi anomal sovuq bo‘lgan taqdirda benzin taqchilligi kuzatilishi ehtimoli haqida savol berishdi. Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanishicha, muammolar takrorlanmasligi uchun qator chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Xususan, "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan yoqilg‘i zaxirasi yaratilmoqda. Shuningdek, yurtimizga benzin olib kiriladigan tadbirkorlarga zaxira saqlashlari uchun joy taqdim etilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter