Chorvachilikdagi muammolar muhokama qilindi
Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan joriy yilning 24-noyabr kuni «Poytaxt» biznes markazida chorvachilik sohasidagi yetakchi olim va mutaxassislar hamda hududlardagi chorvadorlar ishtirokida «O‘zbekistonda chorvachilik va sutni qayta ishlash: muammo va rivojlanish istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bank axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda dastlab AT Xalq banki Boshqaruvi raisi Abdurasul Abdullayevning yurtimizdagi tijorat banklari, xususan Xalq banki tomonidan chorvachilik tarmog‘iga ajratilayotgan kreditlar, chorvadorlar duch kelayotgan muammolar xususidagi ma’ruzasi tinglandi.
Xususan, bank tomonidan mazkur yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida birgina o‘tgan yilda 1 337 ta loyihaga 175,5 mlrd.so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi va chetdan 11220 bosh naslli chorva mollari olib kelindi hamda 4 831 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida Xalq banki tomonidan 228 ta loyihaga 237,2 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilib, 3 560 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, boshqa banklar tomonidan 54 ta loyihaga 79,1 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.
Jumladan, chetdan naslli qoramollar sotib olish uchun 2018-yilning o‘tgan davrida 241 ta loyihaga 288,9 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratilib, chetdan 11382 bosh naslli qoramol olib kelindi.
Misol uchun bankning Xorazm viloyati Urganch filiali tomonidan «To‘maris nur chorva» fermer xo‘jaligiga ajratilgan 7 mlrd. 400 mln.so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i hisobiga Germaniya davlatidan 319 bosh «Simmental» va «Golshtin» zotli naslli qoramol olib kelindi va 15 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda xo‘jalikda 300 bosh sog‘in sigirlar mavjud bo‘lib, kuniga o‘rtacha 6 ming litr sut sog‘ib olinib, qayta ishlash uchun «Tillo domor» xususiy korxonasiga yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, bankning Navoiy viloyati Qiziltepa filiali tomonidan «Yangi asr» fermer xo‘jaligiga ajratilgan 18,0 mlrd.so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i hisobiga zamonaviy tipdagi chorva kompleksi bunyod etildi hamda Germaniya davlatidan 396 bosh «Golshtin» zotli naslli qoramol olib kelindi.
– Joriy yilning avgust oyida Xalq bankidan sal kam ikki million AQSh dollari miqdorida kredit olib, Germaniya va Avstriya davlatlaridan 957 bosh naslli qora mol olib keldik, – deydi Toshkent viloyati Piskent tumanidagi «Ziyoda» fermer xo‘jaligi rahbari Ibrohim Abdurahmonov. – Ushbu zotdor mollar asosan sut ishlab chiqarishga moslashgan. Shuning uchun kelajakda o‘zimiz yetishtirgan sut mahsulotlarini Xalq banki moliyaviy ko‘magida qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Seminarda faoliyatimiz davomida duch kelayotgan muammolarimizga holis baho berildi. Ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi. Albatta, ushbu tadbir keyingi faoliyatimizni belgilashda muhim rol o‘ynaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kundarespublikamizda jami 12,4 mln. bosh yirik shoxli qoramollar va 21 mln. bosh mayda shoxli mollar mavjud. Ushbu chorva mollari hisobiga joriy yilning o‘tgan davrida respublikamizda jami 2,2 mln. tonna go‘sht va 10,1 mln. tonna sut mahsulotlari yetishtirildi.
– Bugungi tadbir biz, fermerlar uchun juda foydali bo‘ldi, – dedi Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi «Inomjon Fayz» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Odina Otaxonova. – Bu yerda har birimiz yutuq va muammolarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Ayniqsa, chorvadorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun uyushma tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlanishi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Aytish joizki, bugungi kunda chorvador-fermerlarga juda katta imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Shu yilning o‘zida fermer xo‘jaligimiz 8 milliard so‘m kredit mablag‘ini olishga muvaffaq bo‘ldi. Buning evaziga chetdan 650 bosh naslli mol olib keldik. Ularning har biridan o‘rtacha 24 litrdan sut sog‘ib olinmoqda. Bir kunda sog‘ib olingan 9 tonna sut korxonamizda qayta ishlanmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 7 iyundagi «Har bir oila – tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘zimizda mavjud naslli mollarni oilalarga tarqatdik. Bugungi kunda ular tadbirkorlik faoliyatini davom ettirib, ro‘zg‘orini but qilmoqda, daromad olmoqda.
Seminar davomida chorvachilik sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib borilishiga qaramasdan, bugungi kunda respublikamiz bozorlarida go‘sht va sut mahsulotlarining narxiyuqoriligi ham ta’kidlandi.
Bu esa, o‘z navbatida, xalqimizning oilaviy daromadiga, qolaversa qayta ishlash korxonalarda sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlashdatannarxning oshib ketishiga olib kelmoqda.
Shuning uchun ham oziq-ovqat do‘konlarida, gipermarket va supermarket rastalarida pishloq, brinza, yogurd, smetana, qaymoq, qatiq va boshqa turdagi sut mahsulotlari hamda kolbasa, sosiska va boshqa turdagi go‘sht mahsulotlarini qimmat narxlarda turganliginikuzatishimiz mumkin.
Davra suhbati davomidachorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud muammolarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashish, chorvachilikni ilmiy asosda tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida uyushma yoki nazorat qiluvchi tashkilot tuzish taklifi ham bildirildi.
Ushbu tadbir davomida yuqoridagi masalalar sohaga aloqador Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, Respublika «Nasl-xizmat» uyushmasi mutasaddilari hamda chorvadorlar tomonidanatroflicha muhokama qilinib, kelgusidagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etishyuzasidan kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter