Telegramda ekstremistik oqim a’zolari bilan do‘stlashgan shaxs sudlandi
Farg‘ona tumanilik Rustam Karimov 2014-yil iyul oyida yollanma ishchi sifatida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahriga borib-kelib yurishi davomida ijtimoiy tarmoqda jihodchilar diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini targ‘ib qilish va boshqa fuqarolarga tarqatish maqsadida profil yaratgan, deyiladi «O‘zA» xabarida.
U 2017-yil 25-avgust kuni Qozon shahrida yurgan paytda telegram mesenjeri orqali tanishi Sh. Tursunaliyevning sahifasiga 4 dona aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan diniy mazmundagi audio ma’ruzalari va terrorchilik tashkilotining ramziy belgisi bo‘lgan bir dona qora bayroq tasviri tushirilgan rasmni tarqatgan. Yaratilgan profilning «druzya» qismida u ekstremistik oqimlarga a’zo bo‘lgan bir necha shaxs bilan do‘stlashgani hamda diniy ekstremistlarni «jihod» harakatlariga chorlovchi audioroliklari va videofilmlarini boshqalarga tarqatish va telegramm kanaliga a’zo bo‘lishga undovchi yozishmalar joylashtirilganligi aniqlangan. Ushbu materiallar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilgan.
Sud – adabiyotshunoslik ekspertizasining xulosaga ko‘ra, R.Karimov tomonidan telegram orqali tarqatilgan va profilida aniqlangan hamda taqdim qilingan ma’ruzalar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, mamlakatimizda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va uni targ‘ib qiladigan materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan.
Sudlanuvchi R. Karimovga sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi asosida 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi appelyasiya sudlov hay’atining ochiq sud majlisida appelyasiya shikoyati ish materiallariga qo‘shib ko‘rib chiqildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Farg‘ona tumani kengashining kafillik xati, R.Karimovning qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, adashib jinoyat yo‘liga kirib qolganligi kabi holatlarni inobatga olib, sud hukmini o‘zgartirdi. Ajrimga asosan, R. Karimovga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Uning zimmasiga uyali aloqa vositalaridan foydalanmaslik va ijtimoiy tarmoqqa ulanmaslik qo‘shimcha taqiqlari yuklatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter