Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surayyo Rahmonova: «Jabrlanuvchining arizasi shart, aks holda...»

Surayyo Rahmonova: «Jabrlanuvchining arizasi shart, aks holda...»

Foto: «Nuz.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda xorazmlik bir erkakning o‘ziga yaqin (hamma ma’noda!) ayolni avtoulovda kiyimsiz holatda uyali aloqa vositasida tasvirga olgani, bu lavha internetga chiqib ketgani-yu pirovardida unga (erkakka) nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligi haqidagi xabarlar bir necha kundan buyon qattiq muhokama qilinmoqda.

Ayni holat yuzasidan Bosh prokuratura tegishli bayonot bergan bo‘lsa-da, holatning huquqiy jihatlari xususida kengroq tasavvur berishga ehtiyoj borday. Chunki, ko‘rib-bilib turibmiz: el og‘ziga elak tutib bo‘lmayapti.

Alqissa, ushbu holat bo‘yicha ommaviy-axborot vositalariga ma’lumot beraverib-beraverib charchamayotgan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovani yana bezovta qilishga to‘g‘ri keldi.

Adliya kichik maslahatchisi, ming ensasi qotmasin, bosiqlik bilan «Xabar.uz»ga quyidagilarni aytdi: «...Avval ma’lum qilganimizdek, ayni holat bo‘yicha Bog‘ot tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, shu yilning 23-fevralida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi va 325-moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. Nega? Chunki, fuqaro S.S. (ayol kishi) erkakka nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, u bilan 2017-yildan buyon yaqin munosabatda bo‘lib kelayotganligini ko‘rsatib, tuman IIB boshlig‘i nomiga tekshirish harakatlarini to‘xtatishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. Alohida ta’kidlayman: bu kategoriyadagi jinoyat jabrlanuvchining arizasini talab etadi. Jabrlanuvchi buni xohlamayotgan ekan, na chora, bu – uning huquqi, munozaraga o‘rin yo‘q. Masala inson shaxsiy hayotiga dohil ekan, uning (fuqaroning) roziligisiz hech kim aralasha olmaydi. Bunga qonunan izn yo‘q.

Afsuski, jamiyatimizda sha’ni va qadr-qimmatini oyoq osti qilgan insonlar yaqinlari bo‘lganligi sababli, jabr ko‘rgan ayollarning o‘zi zulmkorni oqlash tendensiyasi hali hanuz nihoyatda katta».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring