Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud tizimida 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Sud tizimida 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Foto: «Xabar.uz»

Adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquq – inson huquqlari himoyasining yagona kafolatidir. Shu bois uni amalda ta’minlash davlat organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda va oshkora ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan. Shu ma’noda, mamlakatimizda qat’iyat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida avvalo inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklarini amalda kafolatli ta’minlash maqsadi mujassamdir.

Shu nuqtai nazardan, 2023 yil 27 sentyabrda «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilingani bejiz emas. Ayni qonunning maqsadi huquqni qo‘llash faoliyatini jiddiy tahlil qilgan holda, shuningdek, yagona sud amaliyotini shakllantirish, ishlarni sifatli va qonuniy muddatlarda ko‘rish orqali odil sudlovni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishdir.

Ushbu qonunga ko‘ra, sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari tubdan takomillashtirilmoqda. Jumladan, 2024 yil 1 yanvardan apellyasiya, kassatsiya va taftish instansiyalarini joriy qilish belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyasiya tartibida, agar apellyasiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat, protest berish, apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat, protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat, protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.

Bundan tashqari hukm ustidan apellyasiya tartibida shikoyat, protest berish muddati yigirma sutkadan o‘n sutkaga qisqartirilmoqda. Shuningdek, jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda.

Bularning barchasi, shubhasiz, sud qarorlarini bekor qilib, yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiliklari oldini oladi.

Qonunga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlarga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat, protest tuman (shahar) sudlarining apellyasiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga beriladi.

Tuman (shahar) sudlarining apellyasiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan esa, bunday  shikoyat yoki protest Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.

Oliy sud raisi va Bosh prokuror Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oliy sudning Rayosatiga taftish tartibida takroran ko‘rib chiqish uchun protest bildirishlari mumkin.

Bu huquq mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ular vakillarining fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan, oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hamda ishda taraf bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan iltimosnomalarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ta’minlanadi.

Xususan, ushbu qonunning amaliyotga joriy etilishi:

— fuqarolarning shikoyat qilishga bo‘lgan konstitutsion huquqlari amalda ta’minlanishi hamda ularning e’tirozi va ovoragarchiligining oldini olishga;

— Oliy sud sudyalarining asosiy e’tiborini quyi sudlar uchun yagona sud amaliyotini shakllantirishga qaratishga;

— sudlarning ma’suliyatini oshirib, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga;

— sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatidan yanada kengroq foydalanishga;

— aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga;

— ushbu islohotlar shubhasiz odil sudlovni ta’minlashga ko‘maklashadi.

Dildora Po‘latova,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining sudyasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring