Pora bilan ushlangan hokim hibsga olindi
Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan Turobjon Jo‘rayev va uning qo‘l ostidagi bir guruh xodimlarning jinoyatlari fosh etildi. Hokim mansab vakolatini suiiste’mol qilib, jinoiy harakatlarni amalga oshirgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida namoyish etilgan lavhada xabar berildi.
«U o‘z manfaatlari uchun butun boshli vertikal poraxo‘rlik tizimini yaratib, mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan, ta’magirlik yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirgan. Tergov davomida Jo‘rayev hech nimani rad etmadi», — deyiladi xabarda.
Ushbu jinoyatlarning ishtirokchilari sifatida, shuningdek, Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish bo‘yicha mutaxassis Bahodir Xo‘jaqulov va hokim yordamchisi Botir Xo‘jaqulov ham hibsga olingan.
Hokimiyatda ko‘p kvartirali uylarni qurishga ruxsat berish va tadbirkorlarga turar joy ob’yektlar qurilishi uchun yer maydonlarini ajratishda katta miqdorda pora olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ayblanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter