Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Seyfidan 1 million dollar chiqqan» Turobjon Jo‘rayev 13 yilga qamaldi

«Seyfidan 1 million dollar chiqqan» Turobjon Jo‘rayev 13 yilga qamaldi

Bugun, 2-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining yopiq sud majlisida sobiq hokim Turobjon Jo‘rayev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga tasdiqlashicha, «Jinoiy guruh rahbari» deya ko‘rsatilgan Turobjon Jo‘rayev JKning 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210 (Pora olish) moddalari bilan aybdor deb topilgan va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Uning o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va To‘lqin Sulaymonov 5 yilga (shartli) ozodlikdan mahrum qilindi.

Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev Samarqand shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 140 000 AQSh dollari miqdorida pora olgan deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyat kengashining 2018-yil 13-iyul kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida Turobjon Jo‘rayev Samarqand viloyati hokimi vazifasidan ozod etilib, u va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mansab vakolatini suiiste’mol qilib, jinoiy harakatlarni amalga oshirishda ayblanib ushlangan hokimning seyfidan 1 million dollar chiqqani haqida ham xabarlar tarqalgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring