Qashqadaryoda tartibsizlik uyushtirgan ishchilarga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Shu yilning 21-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Enter Engineering kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi ob’yektlaridan birida ishchi-xodimlar tomonidan norozilik uyushtirilgani aks etgan video tarqalgandi.
Mas’ul rahbarlarning zavod ishchilari bilan uchrashuvidan so‘ng norozilikning asosiy sababi ma’lum qilingandi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat IIB tomonidan holat yuzasidan tergov o‘tkazilib, yetkazilgan zarar o‘rganilgan va norozilik namoyish qilgan ishtirokchilariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.
Noroziliklarda ishtirok etgan ishchilarga nisbatan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2020-yilning 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 173-moddasi 2-qismi «v» bandi va 277-moddasining 2-qismi «b,v,ye» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Viloyat IIB axborot xizmati xabarida,namoyishlarda bezorilik yo‘li bilan korxonaning juda ko‘p miqdordagi mulkiga shikast yetkazilgan.
«19 turdagi 14 mln 320 ming so‘mlik kuzatuv kameralari, 9 dona har xil turdagi jami 4 mln 365 ming so‘mlik yozuv stollari, 33 dona jami 27 mln 777 ming so‘mlik sovutkichlarga, korxonalarning hammasi bo‘lib 480 mln so‘mlik juda ko‘p miqdordagi mol-mulklarini yaroqsiz holatga keltirib, qasddan shikast yetkazishgan», — deyiladi IIB xabarida.
Korxonaning videokuzatuv kameralaridagi tasvirlar ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lgan ishchilar jinoyat ishi doirasida guvoh tariqasida so‘roq qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter