Qashqadaryoda o‘zini muxbir deb tanishtirgan shaxs qamoqqa olindi
Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida o‘zini muxbir sifatida tanishtirib, hokimlik vakilidan 2 million 600 ming so‘m pulni olgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Muborak tumani «Mash’al» mahallasida yashovchi fuqaro A.T. 2021 yil 31 avgust kuni 102 xizmatiga murojaat qilib, davlat idoralariga o‘zini «Kun.uz» sayti muxbiri deb tanishtirgan fuqaro agarda shartnoma tuzib, plastik karta raqami va qo‘liga 2 million 600 ming so‘m pul bermasa, tumandagi salbiy holatlarni saytga chiqarib yuborishini ma’lum qilgan.
Natijada mas’ul idora vakili uning qo‘liga 100 dollar va 500 ming so‘m pul berganini, shuningdek, uning talabiga ko‘ra, u T.R. ismli fuqaroning plastik karta raqamiga bir million so‘m pul o‘tkazib berganini ma’lum qilgan.
Biroq, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘zini sayt muxbiri sifatida tanishtirgan shaxs G‘uzor tumanida yashovchi M.A. ekanini bilgach, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini bayon qilgan.
Gumonlanuvchi shaxs 20 oktyabr kuni ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Muborak tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalro Kun.uz nashri Qashqadaryo viloyatida sayt nomidan ish ko‘rayotgan soxta muxbir paydo bo‘lgani haqida ogohlantirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter