Qashqadaryoda fermerning hosili buzib tashlangani aytilmoqda (video)
Shu yilning 21-may kuni soat 10.30 lar atrofida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Darxon MFY istiqomat qiluvchi Murodulla Xudoynazarovning fermer xo‘jaligida tortishuv va muhokamaga sabab bo‘ladigan voqea yuz bergan. Bu haqda hodisa guvohlaridan biri «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.
Voqea jarayonini tasvirga olgan fuqaroning ma’lum qilishicha, 2019-yil sentyabr oyida bo‘sh yerdan (taxminan 60 sotix) unumli foydalanish maqsadida fermer ekin ekadi. 2020-yil 21-may kuni tegishli idoralardan kelgan ayrim mutasaddi xodimlar hech qanday yozma ogohlantirishsiz aholi iste’moliga zarur bo‘lgan va ayni vaqtda pishib yetilayotgan hosil maydonini buzdirib tashlashadi va hosil (piyoz) yo‘q qilinadi.
«Savol tug‘iladi: ayni tayyor iste’molga zarur hosilni yo‘q qilib tashlashning kimga keragi bor? Hosilning bunday nobud qilinishi qanchalik insofdan?
Yana bir holat: voqea jarayonini tasvirga olayotgan fuqaroga nisbatan haqoratomuz so‘zlar aytilib, “agarda suratga olishni to‘xtatmasang qamalasan” deya do‘q-po‘pisalar bo‘ldi. Ularning bu qilayotgan ishlari qonunga muvofiq bo‘lsa, nima uchun tasvirga olishga qarshilik qilishdi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarlicha sharoit berish uchun jon koyitayotgan bir vaqtda bu kabi ishlar qanchalik to‘g‘ri? Biz tegishli organlardan voqea joyiga kelib, bu bo‘lib o‘tgan jarayonni o‘rganib, oydinlik kiritishlarini, xatolik kimdan o‘tganligini xolisona aniqlashtirishlarini va tegishli chora ko‘rishlarini so‘rab qolamiz. Yakkabog‘ tumani hokimiyatidan bu voqea bo‘yicha aniq izoh berishini kutamiz!» – deyiladi murojaatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter