Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Portal»dagi ariza va murojaatlarni internet orqali tarqatayotganlar uchun javobgarlik bormi?

«Portal»dagi ariza va murojaatlarni internet orqali tarqatayotganlar uchun javobgarlik bormi?

Foto: «Norma.uz»

«Ijtimoiy tarmoqlarda portalga yoki bironta davlat idorasiga bo‘lgan murojaatlar tarqalib, unga har xil postlar qo‘yilayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Bunday holatlar shaxsning obro‘siga putur yetkazishi tabiiy. Inson ariza yozish uchun ming istihola qiladi. Boshi devorga urilgach, sarsongarchiliklarni ko‘rgach, nohaqlikka duch kelgach, ariza yoki shikoyat yozadi. To‘g‘ri «yozmachilikni» kasb qilganlar ham bor. Lekin ularning shaxsiy masalalarini elga oshkor qilish yaxshimi? Buning uchun ham javobgarlik bormi qonunchilikda?»

Tahririyatimiz ushbu savolga javob olish maqsadida huquqshunos M.Hasanov bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, 2017-yil 11-sentabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning (yangi tahrir) 19-moddasiga asosan, murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek, davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning va agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

«Aloqa to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq yozishma, telefon so‘zlashuvlari, telegraf xabarlarining sir saqlanishi qonun bilan muhofaza etiladi. Yozishmalarni ochib o‘qishga va ushbu moddaning birinchi qismida qayd etilgan qoidalar boshqacha tarzda buzilishiga yo‘l qo‘ygan aloqa xodimlari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan xollar bundan mustasno.

«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek, shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno. Ommaviy axborot vositalari axborot manbasini yoki taxallusini qo‘ygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbasi yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin.

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 46-moddasiga asosan, tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamg‘armalar sirlarini, xuddi shuningdek, fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor etish, basharti ushbu Kodeksning 461-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmasa, 461-moddasiga muvofiq shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ushbu holatda yozishmalaringiz yuqorida keltirib o‘tilgan qonunlarga asosan sizning ruxsatingizsiz oshkor qilinadigan bo‘lsa, «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksga asosan huquqbuzarlik hisoblanadi va ma’muriy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring