Saida Mirziyoyeva 14 yoshli qiz bilan jinsiy aloqa qilganlar ozodlikka chiqarib yuborilgani yuzasidan fikr bildirdi
«Voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkan uch kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar topgach, qattiq tushkunlik va og‘riqni his qildim. Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda.
Bizning voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko‘ra ko‘proq jinoyatchilar haqida qayg‘uradi va mening fikrimcha, bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur», — deb yozadi Mirziyoyeva.
Uning qayd etishicha, Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari bolalar va o‘smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki ahloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo‘llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo‘lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo‘llanilishi lozim.
«Hozir esa haddan tashqari yengil jazolar potensial jinoyatchilarni qo‘rqitmaydi va turli "samosud"larga turtki bermoqda.
Shuni yodda tutish kerakki, bolalar va o‘smirlarni manipulyasiya qilish, ularni qo‘rqitish oson, ular o‘zlarining xatti-harakatlari uchun ongli ravishda javobgar bo‘lolmaydilar. Har qanday holatda ayb butunlay kattalarga yuklanadi.
Keling, zo‘ravonlarga emas bolalarga g‘amxo‘rlik qilaylik. Bu sohaga doir qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur. Qancha tez bulsa, shuncha yaxshi», deydi Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 14 yoshli qizni jinsiy aloqa qilishga ko‘ndirgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi 4 yil, uning sheriklari esa 2 yilga qamalgandi.
Ammo uch erkak muddatidan avval ozod qilib yuborilgan. Jinoyatchilardan biri 4 yillik qamoq jazosining 1 yilini, qolgan ikki nafari esa 2 yillik qamoq jazosining yarim yilini o‘tagan va shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter