Jurnalist Xurshid Daliyevga tahdid qilgan fuqaro javobgarlikka tortildi
Shu yilning 31-avgust kuni «Human.uz» sayti rahbari, jurnalist Xurshid Daliyevga nisbatan noma’lum fuqarodan tahdid bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Unda jurnalist Andijon shahridagi maktablarda ishlovchi «boshi ochiq» ayollarning sirli ro‘yxatini ochiqlashi, shuningdek, viloyatdagi mavjud muammolarni ommaviy axborot vositalarida yoritayotgani ortidan turli tazyiq va tahdidga uchrayotganini aytib, isbot tariqasida o‘zining uyali telefoniga haqoratlar to‘la SMSlar skrinshoti ilova etilgandi.
Mazkur xabar tarqalganidan uch kun o‘tib, O‘zbekiston Republikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ushbu holat bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tegishli harakatlar olib borilib, arizada ko‘rsatilgan telefon raqam egasini aniqlash choralari ko‘rilayotinini bildirgani ham yodingizda bo‘lsa kerak.
Nihoyat, jurnalistning «ko‘zini ochib» qo‘ymoqchi bo‘lgan «polvon»ning shaxsi aniqlanib, javobgarlikka tortildi.
Ma’lum bo‘lishicha, u paxtabodlik (Andijon viloyati) 1982-yilda tug‘ilgan A.Otamirzayev ekan. Hech qayerda ishlamasligi qayd etilgan sud hujjatida zikr etilishicha, A.Otamirzayev jurnalistning «boshi ochiq ayollar ro‘yxati» haqidagi maqolasidan g‘azabga tushib, muallifning uyali telefon raqamini qidirishga tushadi. Tanish blogerlar orqali raqamni aniqlagach, yo‘ldan topib olgan (?) sim-karta orqali avval qo‘ng‘iroq qilib, X.Daliyevni haqoratlaydi. Kamiga kishi sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qiluvchi SMS-xabarlar yuborib tahdid qilishgacha boradi.
Alohida qayd etish kerak, huquqbuzar sud majlisida «...bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan vaqtda (jurnalistning go‘yoki) turli xil tashviqotlari (?) xalqda (mahalliy rahbarlarga) nafrat uyg‘otadi» mazmunidagi gaplariga izoh berolmagan. Shu barobarida u qilmishidan pushaymonligini bildirib, jabrlanuvchidan uzr so‘ragan.
Andijon shahar ma’muriy sudi (sud raisi A.Shermatov) A.Otamirzayevni Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 41-moddasida (haqorat qilish) ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topib, unga nisbatan eng kam ish haqining 20 (yigirma) barobari miqdorida (4 460 000 so‘m) jarima jazosi tayinladi.
Tayinlangan jazoga nisbatan tomonlarning shikoyat-e’tirozi bor-yo‘qligi xususida hozircha ma’lumot yo‘q. Biroq, bundan qat’i nazar, masala hali qonuniy yakuniga yetmagan ko‘rinadi. Gap shundaki, huquqbuzar «haqorat qilganlik»ka oid ayblov bilan javobgarlikka tortildi. Uning jurnalistga tahdid qilganlik holati esa dastlabki surishtiruv jarayonida «o‘yindan tashqari holatda» qolib ketgan go‘yo...
Shundan kelib chiqib, «tahdid holati»ga huquqiy baho berish uchun «ish»ning shu qismi Andijon shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter