Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishxona yopilgani sababli boshqa ishga o‘tgan homilador ayollarga nafaqa to‘liq beriladimi?

Ishxona yopilgani sababli boshqa ishga o‘tgan homilador ayollarga nafaqa to‘liq beriladimi?

Foto: «dobrenok.com»

Savol: «2017-yil 14-sentabr kuni ishxonam yopildi. Men 2017-yilning 15-sentabr kuni bilan boshqa ishga qabul qilindim. Hozir 1 fevraldan boshlab homiladorlik ta’tilidaman. Yangi ishxonam ularda 6 oy muddat vaqtgacha ishlamaganim bois homiladorlik nafaqa pulining 50 foizini to‘lab berishini aytishmoqda. Bunga asos qilib «O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarori bilan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgani ko‘rsatilmoqda.

Unga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori haqiqatda ishlangan vaqtga bog‘liq holda tabaqalashtirilishi, shu bilan birga ishlangan vaqt birinchi marotaba ishga kirganlar uchun ham, o‘z mehnat faoliyatini 12 oydan ko‘p tanaffusdan keyin davom ettirayotganlar uchun ham hisobga olinishi va ishga olingan kundan boshlab 6 oygacha — 50 foiz; 6 oydan 12 oygacha — 75 foiz; 12 oydan ortiq — 100 foiz to‘lanishi ko‘rsatilgan.

Men uzluksiz ravishda 6 yildan beri ishlab kelganman. Ishxona yopilgani sabab boshqa ishga o‘tishga majbur bo‘lganman. Yuqoridagi qarorning menga nisbatan qo‘llanilishi asoslimi? Keyin qarorda yangi ishga birinchi marotaba kirayotgan degan joyi bor. Men yosh ona sifatida sizlarga murojaat qilishimning sababi bunday vaziyatlar doimiy ishlab kelayotgan ayollarga nisbatan qo‘llanilishi asoslimi yoki yo‘q, shunga aniqlik kiritishdir».

Ushbu savolga Toshkent shahar Yunusobod tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi yuriskonsulti Nodira Tosheva quyidagicha javob berdi:

— O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan xodimlarga ishga qabul qilingan kundan boshlab:

— 6 oygacha ishlagan xodimlarga — 50 foiz;

— 6 oydan 12 oygacha ishlagan xodimlarga — 75 foiz;

— 12 oydan ortiq ishlagan, shuningdek, oldingi ishlagan ishxonasida mehnat shartnomasi bekor qilinib, yangi ishxonasiga ishga qabul qilingan davrda mehnat stajida uzilish bo‘lmagan xodimlarga — 100 foiz miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, oldingi ishlagan ishxonangiz bilan mehnat shartomasi bekor qilinib, hozirgi ishxonangizga ishga qabul qilingan davrda mehnat stajingizda uzilish bo‘lmagani tufayli homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga Sizga 100 foiz miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring