Farhod Mannopovni operatsiya qilgan klinika litsenziyasi bekor qilindi
Bloger Farhod Mannopovni operatsiya qilgan StarMed klinikasining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, marhum F. Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qator litsenziya talab va shartlari buzilganligini asoslovchi hujjatlar sudga taqdim etilgan.
Shunga asosan kecha, 2 iyul kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida SSV tomonidan StarMed klinikasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha berilgan ariza yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudning hal qiluv qaroriga, SSV arizasi qanoatlantirilib, «Omad plyus» MChJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 2021 yil 16 fevraldagi 27390032-raqamli litsenziya bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, «Mittivine» taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov ushbu klinikada burnidan olgan jarohati operatsiya qilinganidan keyin koma holatiga tushib, joriy yilning 5 mart kuni vafot etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter