Tibbiyot va ta’lim – «O‘zmilliybank» AJ muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda
Rivojlanayotgan va rivojlanish bosqichida bo‘lgan davlatlarning o‘ziga xos iqtisodiy islohotlari uning ko‘zlangan ko‘rsatkichlarga erishishi va yuqori natijalarni qo‘lga kiritishining muhim omili sanaladi. Davlatimiz rahbari tomonidan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi qonuniy asoslar bugun qator tarmoq hamda sohalarning yuksalishining kafolatiga aylanmoqda.
Birgina servis yo‘nalishida respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mazkur soha rivojida dolzarb ahamiyat kasb etayotir. «O‘zmilliybank» AJ esa bu borada ishbilarmonlarga ishonchli moliyaviy hamkor sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.
Bankning Matbuot xizmati tashabbusi bilan OAVlari vakillari ishtirokida Toshkent shahriga qilingan Press-tur davomida «O‘zmilliybank» AJ bilan aynan hududdagi xizmatlar yo‘nalishida hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan qator tadbirkorlik sub’yektlari bilan tanishdilar.
Xabaringiz bor, servis sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tibbiy xizmat poytaxtimizda samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa o‘z navbatida, aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash va to‘g‘ri tashxis qo‘yishning muhim omili bo‘layotir. Xususan, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida faoliyat yuritayotgan «MADIMEDICAL» MChJga qarashli tibbiy diagnostika markazi joriy yilning avvalidan ish boshladi. Klinikada malakali va tajribali mutaxassislar bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumot uchun, mazkur muassasaning umumiy loyiha qiymati 5 mlrd. so‘m bo‘lib, shundan 1 mlrd. 300 mln so‘m bankdan kredit sifatida ajratilgan hamda zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan. Asosiysi, eng zamonaviy tibbiy uskunalar orqali murakkab laborotorik tekshiruvlar va muolajalar olib boriladi. Mazkur markazda tarbirkor tomonidan 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
- Dastlab faoliyatimizni 2018 yilda boshlaganmiz, - dedi tadbirkor Lola A’zamova. - Shu vaqtdan hozirga qadar Milliy bank xizmatlaridan foydalanamiz. Yillar davomida nafaqat tibbiy markazimizni jihozlash, yangi tibbiy uskunalar olish bilan bir qatorda, shahrimizning qator hududlarida klinikamizning filiallarini tashkil etdik va bunda albatta, bankning moliyaviy ko‘magi muhim ahamiyat kasb etdi. Poytaxtimizning Yashnobod tumanida faoliyatini boshlagan ushbu tibbiy muassasamiz bank bilan hamkorligimizning navbatdagi loyihasi bo‘ldi. 2025 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan katta loyiha ustida ishlayapmiz. Umid qilamizki, ushbu rejamizni ro‘yobga chiqishida Milliy bank bizni yana qo‘llab-quvvatlaydi.
Klinikada nevrologiya, endokrinologiya, ginekologiya, kardiologiya, urologiya, stomotologiya, lor va oftolmologiya kabi qator yo‘nalishlarda davolash ishlari olib boriladi. Shuningdek, klinikada qator tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari ham amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Press-tur ishtirokchilari klinika faoliyati bilan birga bemorlarning yaratilgan sharoit va mavjud xizmatlar borasidagi fikrlarini ham o‘rgandilar.
-Aslida, yashash hududimizga yaqin bo‘lgan bu singari tibbiy muassasalar, xususiy markazlar yetarli. Lekin men doim shu markaz va uning shifokorlariga murojaat qilaman, - deydi Eleonara Abdullayeva. - Birinchidan, klinikada shifokorlarning yetarli malakasi, tajribasi va qulay tibbiy xizmatlar bo‘lsa, ikkinchisi, barcha mutaxassislarning xushmuomalasi biz kabi bemorlarga yanada kuch va quvvat beradi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zmilliybank»AJ servis sohasini rivojlantirish uchun tegishli choralarni ko‘rishda mas’ul bank sifatida biriktirilgan.Shu munosabat bilan, Bank tomonidan respublikamizda xizmatlar sohasini rivojlangan davlatlar andozaga moslash, yangi xizmat turlarini joriy qilish, aholiga tayyor biznes loyihalarni taqdim etish hamda tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kabi tizimli islohotlar olib borilmoqda.
O‘tgan 3 yilda Toshkent shahrida «O‘zmilliybank» AJ tashabbusi bilan davlat tijorat banklari tomonidan xizmatlar sohasidagi 30 mingta loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 59 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Xizmatlar sohasida 40 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, bugungi kunda ularning ularning soni 90 mingtaga yetdi. Shuningdek, xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali qariyb 1 mln 200 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.Xizmatlar hajmi 2,5 barobarga o‘sib, 80 trillion so‘mdan 193 trillion so‘mga yetdi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 2,1 barobarga o‘sib, natijada 30 million so‘mdan 64 million so‘mga yetdi.
Aytish joizki, ushbu erishilgan natijalar bilan birga, poytaxtimizda servis tarmog‘ining qator yo‘nalishlari, xususan, mehmonxonalar soni 335 tadan 847 taga oshib, ularning qamrovi 24 mingtadan 45 mingtaga yetdi.Umumuiy ovqatlanish, restoran va kafelar soni 1,8 mingtadan 5 mingtaga oshib, ularda band aholi soni 12 mingtadan 144 mingtaga ko‘paydi. Xususiy ta’lim markazlari soni 131 tadan 1149 taga ko‘paydi hamda xususiy tibbiyot klinkalari soni 1179 tadan 1743 taga yetdi.
Donishmand xalqimiz «Ta’limga sarmoyani kelajakka sarmoya» deb biladi. Bejiz emas albatta. Bugun yoshlarimizning ilm-fan borasida qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari zamirida davlatimiz tomonidan ta’limga berilayotgan jiddiy e’tiborning natijasini ko‘rish mumkin. Qolaversa, so‘nggi yillarda xususiy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mazkur sohadagi sog‘lom raqobatni vujudga keltirdi. Bu borada kerakli tajribaga ega «International School Lumos Mind» xususiy ta’lim muassasasi shular jumlasidandir. Loyihaning umumiy qiymati 35 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Shundan bank hisobidan 12 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan. Bugungi kunda ta’lim muassasasida 87 nafar xodim faoliyat olib boradi. O‘quv maskani 1000 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirda ushbu maktabda 800 nafardan ortiq o‘quvchi bilim olmoqda. Maktab xorijiy tillar va aniq fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan.
Press-tur ishtirokchilari mazkur ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishib, tadbirkorning kelgusi rejalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
- Ushbu maktabni tashkil etishda, avvalo, xorij tajribalarini puxta o‘rganib, so‘ngra loyihani amalga oshirishga qaror qilganman, - dedi tadbirkor Mavlon Tursunov. - Sababi bugun davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan e’tibor, faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy chora-tadbirlar ishbilarmonlarda ham katta mas’uliyat hissini uyg‘otdi. Bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar yirik loyihamizni ishga tushishida eng katta omil bo‘ldi. Hali faoliyatimizni rivojlantirish borasidagi ko‘zlangan maqsadlarimiz oldinda. Ishonamanki, O‘zmilliybank biz bilan hamkorlikda davom etadi va biz uning xizmatlaridan foydalanishdan mamnunmiz.
Hademay respublikamizning barcha ta’lim dargohlarida yangi o‘quv yili start oladi. Shu bois xususiy maktabda ham boshlanajak o‘quv yili uchun hozirlik avjida. Press-tur ishtirokchilari vaziyatdan foydalangan holda ota-onalarning ham fikrlarini o‘rgandilar.
- Mazkur maktabda ikkita farzandim o‘qiydi,-dedi Matluba Rustamova. - Bu muassasani tanlaganimizning asosiy jihati, farzandlarimizning xavfsizligi bo‘lsa, ikkinchisi, qator fanlardan xorijlik o‘qituvchilarning o‘quvchilarga bilim berishiga imkoniyat yaratishgani bo‘ldi. Qolaversa, bolalarim maktabga majburiyat uchun emas, o‘zi xohlab kelishi ota-ona sifatida bizni ham quvontiradi.
Buning asosiy sababi esa ta’lim muassasasida turli qiziqarli to‘garaklar va sport mashg‘ulotlarining yo‘lga qo‘yilgani bo‘lsa ajabmas.
Jurnalistlarni e’tiborini tortgan jihati esa maktabning koridorlari va foyelaridagi kitob javonlarida o‘zbek va jahon adabiyotining eng durdona asarlari o‘rin olganligi bo‘ldi. Bu yerda nafaqat o‘qituvchi hamda o‘quvchilar, ota-onalar ham ma’naviy zavq olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
- Dastavval menga bu yerda ishlash taklifini berishganda ikkilanganman, - dedi ingliz tili fani o‘qituvchisi Sam Anis. - Lekin kelib, maktab bilan tanishgach, bolalardagi iqtidor va qiziqishdan so‘ng mening joyim shu yer ekanligiga ishonch hosil qildim. Bugun bu yerda men singari xorijdan kelib ishlayotgan o‘qituvchilar ko‘p. Muhimi, biz bu yerda o‘zbek hamkasblarimiz bilan hamjihatlikda tajriba va bilimimizni o‘rtoqlashgan holda ish olib borayotganimizdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter