Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onalik 5 yoshli qizchaning o‘limiga oid mudhish jinoyat tafsilotlari ma’lum qilindi

Farg‘onalik 5 yoshli qizchaning o‘limiga oid mudhish jinoyat tafsilotlari ma’lum qilindi

Foto: «uznews.uz»

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida joriy yilning fevral oyida 5 yoshli qizni yo‘qolishi va keyinchalik uning vafot etgan holda topilishi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ancha shov-shuvga va turli xil gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi? Mudhish jinoyat qanday sodir etildi? Bog‘cha tarbiyalanuvchisining o‘limida aybdor kim?

Mazkur holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, Qo‘shtepa tumanida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan Akmal Abdurahmonov Oltiariq tumani Poloson mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 5 yoshli Kibriyo G‘offoraliyevani 2018 yil 5 fevral kuni o‘zi qatnaydigan 6-maktabgacha ta’lim muassasasidan chiqib ketayotganida o‘g‘irlagan. U o‘zining velosipedida Oltiariq tumani Tinchlik mahallasi hududidan o‘tgan Toshkent-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishidagi temir yo‘lning 244 kilometr 6-piketida atrof qorong‘u bo‘lishiga qaramay, qizchani qarovsiz holda tashlab ketgan.

Qarovsiz qolgan K.G‘offoraliyeva temir yo‘ldan o‘tib borayotgan 62-poyezdning bo‘rtib chiqqan qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan ko‘plab tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan. Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A. Abdurahmonov qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi ayni paytda A.Abdurahmonovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda.

– Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchi A.Abdurahmonov og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan odam o‘g‘irlash hamda odamning o‘limiga olib kelgan hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan va o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsni xavfli ahvolga solib qo‘yish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi raisi Azamat Habibullayev. – Sudlanuvchi tegishlicha Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan.

Sudlanuvchi A.Abdurahmonovga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Murg‘ak bir qizcha bevaqt hayotdan ko‘z yumdi. Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisining o‘limi hamda sodir etilgan bu mudhish jinoyat barchani junbushga keltirdi.

Jinoyat ishini sud majlisida ko‘rish boshlanib, hozirgi kunda sud tergovi davom etmoqda.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha to‘liq tafsilotlar hamda sudning hukmi haqida yana ma’lumot beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring