Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir lahzalik xato...

Bir lahzalik xato...

Foto: «Media.az»

Avtomobil kashf etilganiga bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Uning mamlakatimizda paydo bo‘lganiga esa, hali 100 yil ham to‘lgani yo‘q. Odamlar dastlabki kezlar chor-atrofga shovqin solgancha harakatlanayotgan bu temir «jonivor»ning hatto nomini ham bilishmagan, uni o‘zlaricha «otash arava» deb atay boshlashgan. O‘sha  «jonivor» bir kuni kelib, inson va jamiyat hayotini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan beminnat «dastyor»ga aylanishi, turmushga fayz kiritishi, obod va farovon etishini, kezi kelganida esa, umr va sog‘liq kushandasi sifatida namoyon bo‘lishini esa xayollariga ham keltirmagan bo‘lsa, ne ajab?!

Ha, albatta, avtoulovning jilovi hamisha inson qo‘lida va bilgan kishi uchun hamon yaqin va ajralmas «do‘st», benazir «dastyor», ishonchli va qudratli hamkor. Bilmaganlar uchun esa, uqdirilganidek, falokat o‘chog‘idir.

Hazorasplik Alijon Jumaniyozov o‘ziga qarashli «Lasetti» rusumli avtomashinasini bosar-tusarini bilmay, oqibatini o‘ylamay boshqardi.

...Falokat shu yilning 30-aprel kuni Hazorasp tumanining Ovshar qishlog‘i bo‘ylab o‘tgan «Urganch — Pitnak» avtomobil yo‘lida sodir bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina katta yo‘lni velosipedda kesib o‘tayotgan R.Tojiyevni xiyol bo‘lmasa urib ketayozdi. Xayriyat, haydovchi avtomashinani yo‘l chekkasiga olishga ulgurdi. Hech kutilmaganda paydo bo‘lgan xavf-xatardan esini yo‘qotayozgan yo‘lovchi ham o‘sha soniyada o‘zini chetga olib, orqaga qaytdi.

Chinakam fojia ayni shu damda ro‘y berdi. «Neksiya»ga izma-iz kelayotgan «Lasetti» haydovchisi yo‘lning o‘rtasidan ortiga qaytgan velosipedchini ko‘rdi-yu, jon-jahdi bilan avtomashinasini to‘xtatishga urindi. Afsuski, bundan naf chiqmadi: zarb bilan velosipedchiga urilib, uni yo‘lning qarama-qarshi tarafiga itqitib yubordi. Eng yomoni, yo‘lning qarama-qarshi tarafidan «Kobalt» kelayotgandi...  Haydovchi oraliq masofa nihoyatda yaqin qolgani bois hatto to‘xtash murvatini bosishga ham ulgurolmay qoldi.

Fojia «Lasetti» rusumli avtomashinani boshqarayotgan A.Jumaniyozovning qo‘pol qoidabuzarlikdan iborat jinoiy qilmishi oqibatida ro‘y berdi.

Oqibatda bir begunoh kishi kasalxonaga yetmayoq yo‘lda hayotdan ko‘z yumdi. Haydovchining oddiygina e’tiborsizligi ana shunday fojiaga sabab bo‘ldi. Bu kamlik qilgandek, o‘zga bir ulov — qarama-qarshi tarafdan kelayotgan «Kobalt» avtomashinasiga ham jiddiy shikast yetdi.

Jabrlanuvchi taraf haydovchining og‘ir oqibatli bu qilmishini kechirmadi. Bunday vaziyatda uni qonun ham kechirmaydi. Sud bir insonning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan qoidabuzar haydovchini Jinoyat kodeksining transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishga doir 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha aybor, deb topdi. Shikastlangan avtomashina egasi, fuqaroviy da’vogar J.Masharipov esa, o‘z avtouloviga yetkazilgan ziyon to‘liq qoplangani bois sudlanuvchiga nisbatan e’tirozi yo‘qligini bildirdi.

Lekin bag‘rikenglik tamoyili baribir ustun keldi. Ayblanuvchi qilmishiga iqror va pushaymon ekani, muqaddam sudlanmagani, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani, nogiron sifatida e’tirof etilgani, oilasi va uch nafar farzandining ta’minoti zimmasiga yuklangani kabi jazoni yengillatuvchi holatlar sud jarayonida nazarda tutildi. Sudlanuvchi 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga mahkum etildi. Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 45-moddasi talabiga muvofiq 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan ham mahrum qilindi.

Shu o‘rinda yana bir misolga e’tibor qaratsak, ro‘y bergan boshqa bir yo‘l-transport hodisasi oqibatida qoidabuzar haydovchining jigarbandi — yosh qizi bevaqt qurbon bo‘ldi.

Voqea shu yilning 4 fevralida «Toshkent — Nukus» magistral avtomobil yo‘lining Sarimoy qishlog‘i hududida tunda ro‘y berdi. «Lasetti» avtomashinasida Toshkent shahridan Hazorasp tumaniga ketayotgan Odilbek Salayev ushbu yo‘lning 449-kilometriga kelganda xushyorlikni butunlay yo‘qotdi. Oldinda ketayotgan «GAZ 53-14» rusumli yuk avtomobilini katta tezlikda quvib o‘tishga urindi. Biroq qarshisidan kelayotgan boshqa bir avtoulovning tungi yoritgichlariga ko‘zi tushib, avtomashinasi tezligini oz bo‘lsa-da, kamaytirishga urindi. Biroq kech. Yuk avtomashinasi bilan yonma-yon ketayotgan «Lasetti» yo‘nalishini yo‘lning o‘ng tarafiga o‘zgartirdi. Qarshidan kelayotgan avtomashina esa, hamon shitob bilan oldinga harakatlanayapti. Odilbek o‘z avtomashinasini yo‘lning o‘ng tarafiga olar ekan, yuk avtomashinasi hamon yonma-yon holda ketayotganligini inobatga olmadi. Yo‘l chekkasi tomon keskin burilgan yengil avtomashina zarb bilan yuk avtomobili shinasiga borib urildi. Shu ondayoq fojia yuz berdi.

Avtomashina ichidagi yo‘lovchilar nazdida, yer go‘yoki osmonga o‘rladi, osmon esa, yerga quladi. So‘ngra...

«Lasetti»ning yo‘lovchilari begonlar emas ekan. Birovi avtomashina haydovchisining o‘g‘li — A.Salayev, yana biri qizi — O‘.Salayeva, qolgani jiyanlari — M.Salayeva va S.Safarboyeva bo‘lib chiqdi.

Falokatga uchraganlarning bari tezda Hazorasp va To‘rtko‘l tumanlari shifoxonalariga yotqizildi. Tun yarmi — kimsasiz sahroda ro‘y bergan voqeaning butun borligi ertasiga ayon bo‘ldi. Shifoxonada muolaja olayotgan O.Salayevga qizi olgan jarohati bois kasalxonada vafot etgani, yana bir farzandi va ikki jiyani jiddiy shikastlangani, yuk avtomashinasi haydovchisi esa, deyarli sog‘-omon qolgani, biroq avtouloviga anchayin zarar yetganini ma’lum qilishdi.

...Haydovchi javobgarlikdan qochib qutulolmadi. Lekin jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar sifatida e’tirof etilganlar uni kechirishdi. Bunday vaziyatda unga qonun ham muruvvat ko‘rsatadi. Qilmishiga yarasha tayinlanishi lozim bo‘lgan jazo kodeksning 72-moddasiga asosan jiddiy ravishda yengillashtirildi. Sudlanuvchi 1 yil muddatga shartli jazoga hukm qilindi va yana shuncha muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etildi.

Shu o‘rinda sud hukmi, qarori, ajrimini kutayotganlarga nisbatan insoniy bag‘rikenglik, kechirimlilik tamoyillarini yanada ko‘proq qo‘llash, ozodlikdan mahrum etishga qaratilgan og‘ir jazo choralarini tarbiyaviy ta’siri katta va samarali bo‘lgan yengil jazo choralariga almashtirish amaliyoti yurtimizda keng rasm bo‘lgani alohida ta’kidlash lozim.

Hazorasplik yana bir fuqaro, tumanning Karvak qishlog‘ida yashovchi Bahodir Bekchonov aynan ana shu tamoyil bois o‘zini muqarrar ravishda kutayotgan og‘ir jazodan xalos bo‘ldi. Afsuslanarli jihati: uning aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yana inson o‘limi qayd etildi. 2018 yilning 29 may kuni yuz bergan mash’um hodisa bois tumanning Yangibozor qishlog‘ida yashovchi O. Xo‘jayev bevaqt olamdan o‘tdi.

Amaldagi Yo‘l harakati qoidalarining 77-bandida qayd etilishicha: «Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilanganidan oshirmasdan boshqarishi kerak.

Tezlik haydovchiga ushbu qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi zarur. Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini to‘la to‘xtatishni ta’minlaydigan darajada kamaytirish yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi shart».

B. Bekchonov ushbu qoidani qo‘pol tarzda buzgandi.

E’tiboringizga havola etilgan mazkur bitiklar mash’um transport hodisasini sodir etib, birovlarning o‘limi, yana birovlarning jiddiy jarohatiga sababchi bo‘lganlarga nisbatan ancha muruvvat ko‘rsatilgani, qonunning bag‘rikenglik, kechirimlilik singari tamoyillari ustuvorlik kasb etganidan dalolat beradi. Yuqoridagi misollar buning bir ifodasi, xolos. Bu borada Jinoyat kodeksining 7-moddasi talabiga muvofiq: «Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘lgan jazo tayinlanishi yoki huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak».

Ta’bir joiz bo‘lsa, jazoning o‘zgalar tomonidan qo‘llanilmaydigan turi ham bor. Bu — vijdon azobi. Nojo‘ya qilmishga qo‘l urgan odam, o‘z qilmishini hecham unutolmaydi, uning zil-zambilday og‘ir yukini gardaniga ortib yuradi. Binobarin, qilmish unutilmasdir. Chinakam jazo — vijdon azobi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Qonuniy jazo va vijdon azobiga ro‘baro‘ kelmaslikning maqbul chorasi ham bor. Uni hayotning halol, fidoiy va ayni paytda biroz mashaqqatga yo‘g‘rilgan keng, nurafshon, to‘g‘ri va ravon yo‘llaridan izlamoq lozim.

Qonunga, ezgulikka, insoniylikka, amaldagi tartib-taomillarga qo‘l bergan, halol va mashaqqatli mehnatning qadriga yetgan, uning noni chandon shirin ekanligini dildan anglagan kishi bu yo‘lni osongina topadi.

Akbar Aminov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Hazorasp tumani sudining raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring