Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AOKA «Daryo» muxbiri va IIB xodimi o‘rtasidagi voqea yuzasidan bayonot berdi

AOKA «Daryo» muxbiri va IIB xodimi o‘rtasidagi voqea yuzasidan bayonot berdi

16 aprel kuni «Daryo» internet-nashrining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Otabek Qo‘ldoshev hamda Qarshi shahar IIB xodimi o‘rtasida ro‘y bergan voqea Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat aks etgan videolavhada ichki ishlar organi xodimi jurnalistga nisbatan amaldagi bir nechta qonun normalarini qo‘pol ravishda buzgan.

Xususan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko‘ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunining 9-moddasida «Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, ...ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirishi» zarurligi belgilangan.

Ushbu holat yuzasidan Agentlik o‘z vakolati doirasida Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yubordi.

AOKA ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimning xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko‘radi.

Ta’kidlash joiz, bu kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi davlat siyosatiga ziddir. Agentlik, o‘z o‘rnida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring