Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi 2019-yilda qanday loyihalarga qo‘l uradi?

Adliya vazirligi 2019-yilda qanday loyihalarga qo‘l uradi?

Foto: «Xabar.uz»

8-yanvar — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilgan kun (mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng — 1992-yil 8-yanvarida Adliya vazirligi qayta tashkil etilgan).

Adliya vazirligi tizimida ayni paytda 4 ta yangi boshqarma, 1 ta muassasa, 14 ta yuridik kollej, 200 ta tuman (shahar) adliya bo‘limi, Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Xalqaro standartlar bo‘yicha yuridik kadrlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi, Adliya vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan.

Tuman (shahar) adliya bo‘limlari soni 200 ta, xodimlari soni — 619 nafar.

Adliya vazirligi 2019-yilni ulkan rejalar bilan boshladi, ta’kidlash o‘rinliki, 2018-yil vazirlik faoliyatida ulkan burilishlar yili bo‘ldi.

2018-yilning muhim voqealari

Adliya vazirligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «Ochiqlik indeksi» reytingida 2018-yili 59 ta davlat organi orasida 1-o‘rinni egalladi.

Vazirlik tomonidan bevosita 230 dan ortiq qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqildi, bu 2017-yildagidan ikki baravar ko‘p.

Xususan, Norma ijodkorligi konsepsiyasi, qonun osti hujjatlarini kamaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar qabul qilindi; qonun hujjatlari loyihalarini davlat tilida taqdim qilish shartligi belgilandi.

Shuningdek, 2018-yilda:

– notariat, advokatura va FHDYo organlari faoliyati takomillashtirildi;

– davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasi takomillashtirildi;

– nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga davlat organlarining aralashuvi kamaytirildi;

– mahallalardan ma’lumotnomalar so‘rashga chek qo‘yildi;

– qurilgan uy-joyni foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi hokim qarorini chiqarishga bo‘lgan talab bekor qilindi, markazlar orqali 10 kunda qabul qilish tartibi o‘rnatildi (ilgari 6 oydan 8 oygacha cho‘zilardi);

– ko‘chmas mulkning olib qo‘yilishi sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplanmasdan buzish qat’iy taqiqlandi.

1 850 ta qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.


Huquqiy targ‘ibot

127 000 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari (2017-yilda — 63 mingta), xususan 102 000 ta uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘tgan yilga nisbatan ikki baravarga oshdi.

38 mingdan ortiq uyma-uy yurib, aholi bilan bevosita suhbatlar qilindi,  ularga huquqiy maslahatlar berildi.

Tuman adliya bo‘limlari tomonidan qishloq joylarda, markazdan olis hududlarda 52 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Fuqarolar minimal darajada bilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan huquqiy qo‘llanma tayyorlandi. Qo‘llanmada fuqarolik, mulk, yer, uy-joy, mehnat, ta’lim, soliq va oila qonunchiligiga doir muhim tushunchalar ochib berilgan.

«Huquqiy axborot» telegram kanaliga asos solindi. Hozir kanalning 130 mingdan ortiq a’zosi bor. Kanal ingliz tilida ham yuritilmoqda.

Jahon tajribalari o‘rganilib huquqiy testlar jamlangan (test.adliya.uz) sayt yaratildi. Saytda 1000 ga yaqin huquqiy testlar jamlangan.

100 dan ortiq xalq sayillari, aksiyalar va fleshmoblar o‘tkazildi. Shundan, noyabr oyida respublikaning barcha hududlarida «Huquqingni bil va talab qil» aksiyasi o‘tkazildi.

10 ta nominatsiya bo‘yicha turli tanlovlar o‘tkazildi. «Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi» tanlovi, «Biz korrupsiyaga qarshimiz» nomli megatanlov, uning doirasida «Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi» nomli insholar tanlovi o‘kazildi.

Har haftada jurnalistlar va OAV xodimlari uchun «Adliya axboroti» brifingi o‘tkazib kelinmoqda. Jurnalistlar uchun maxsus seminar-trening o‘tkazildi, ular uchun maxsus qo‘llanma ham tayyorlandi.

Korrupsiya, halollik, to‘g‘rilik, qonunga hurmat, adolat tantanasi mavzularida multiplikatsion hamda qisqa metrajli filmlar tayyorlash ishlari olib borilmoqda.


Notariat sohasi

53 ta holatdagi hujjat nusxalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi natijasida notarial harakatlar soni 5,9 mln.tadan 4,2 mln.taga, ya’ni 30 foizga kamaydi.

Qo‘shimcha 703 ta shtat (146 ta notarius) joriy etildi. Har bir notariusga to‘g‘ri keladigan 42700 ta aholi soni 36400 taga, ya’ni 14 foizga kamaydi. 

«Click», «UPAY» kabi mobil banking tizimlari orqali notarial harakat uchun to‘lovlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Ko‘chmas mulklarni faqatgina u joylashgan joydagi notarial idora tomonidan tasdiqlash talabi bekor qilindi.

Natijada, notarial idoralar faoliyati ustidan shikoyatlar soni 40 foizga kamaydi.

Avtomashinani boshqarish yoki sotish huquqi bilan ishonchnomalarni yaqin qarindoshlarga berganlik uchun davlat boji miqdori 1,7 baravarga arzonlashdi. Avtomashinalarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji miqdori
o‘rtacha 2-5 marotabagacha arzonlashdi.


Inson huquqlarini himoya qilish sohasi

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 16 300 ta murojaatning 10 846 tasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, shundan 7 mingtasi (64 foizi) qanoatlantirildi.


Yuridik xizmat sohasida

2018-yil yanvar oyida yuridik xizmatlar sohasida 4753 shtat birligi mavjud bo‘lib, vakant lavozimlar soni 1448 tani, yoki 30,4 foizni tashkil etgan.

Vakansiyalarni keskin kamaytirish maqsadida:

- har bir vakant lavozim bo‘yicha manzilli ish olib borildi;

- yuridik xizmat xodimi sifatida advokatlarga ham ishlash huquqi berildi.

Natijada, vakant lavozimlar soni 5 foizga tushirildi (jami 3797 ta shtat birligidan vakantlar soni  223 ta).

2048 ta yuridik xizmat xodimi suhbatdan o‘tkazildi. Biroq, ularning barchasi ham o‘z lavozimiga loyiq deb topilmadi. 215 ta nomzod yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlash bo‘yicha suhbatdan o‘ta olmadi, bu bilan bilimi va ko‘nikmalari yetarli bo‘lmagan nomzodlarni yuridik xizmatga o‘tishining oldi olindi.

Har bir hududda sayyor o‘qishlar tashkil etilishi natijasida 1400 nafar yoki 37 foiz yuridik xizmat xodimi malakasi oshirildi, 748 nafari yoki 20 foizi attestatsiyadan o‘tkazildi.


Xalqaro hamkorlik

Adliya vazirligida xorijiy mamlakatlar adliya vazirliklari va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va vakillari bilan 110 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.

BMTTD (8 mln. AQSh dol.), Yevropa ittifoqi (10 mln. yevro), USAID (12 mln. AQSh dol.), TIKA (1,4 mln AQSh dol.), Jahon banki (1,5 mln AQSh dol.), Company House (34 ming AQSh dol.), NSGI (375 ming AQSh dol.), Citizens Advice (108 ming AQSh dol.), KOICA (6,4 mln. AQSh dol. 2020-2023 yy.) va boshqa tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligining qonun ijodkorligi, notariat, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi faoliyatini o‘rganish maqsadida Belarus, Tojikiston Respublikalari adliya vazirliklari delegatsiyalari keldi. Ozarbayjon hamda Qozog‘iston davlatlaridan delegatsiyalarning kelishi rejalashtirildi.

Prezidentning yuqori darajadagi tashriflari doirasida Turkiya Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Hindiston hamda Misr Arab Respublikasi adliya vazirliklari bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.


Yuridik ta’lim va huquqshunos kadrlarni tayyorlash

Ilk marotaba Davlat xizmatlari markazlari tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetga o‘qishga kirish uchun 7000 dan ortiq abituriyentlardan hujjatlar qabul qilindi. Natijada aholining 5 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari va vaqti tejaldi.

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga hujjat qabul qilish jarayoni soddalashtirildi. O‘qishga kirishda test-sinovlari bekor qilindi, o‘qish davri bir yilga qisqardi.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlashning 6 oylik kurslari tashkil etildi.

2019-yilda 14 ta yuridik kollejlarda yangicha tizim bo‘yicha o‘qishlar boshlanadi.


Davlat xizmatlarini ko‘rsatish

Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni 40 baravarga ortdi (2017-yilda 120 ming xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018-yilda 4 mln. 600 mingdan ortiq).

Ko‘rsatilayotgan xizmat turlari 37 tadan 103 taga yetdi.

Davlat xizmatlarini olish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar soni 155 tadan 92 taga kamaytirildi;

Xizmat ko‘rsatish uchun talab etilgan jami 522 kunlik muddat 218 kunga qisqartirildi.

Eksperiment tarzida 31 turdagi xizmatlar joriy etildi.

Avtobus va maxsus jihozlangan «Damas» avtomashinalari orqali 94 mingta mobil davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Olis va chekka joylarda 40 taga yaqin davlat xizmatlarini ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi.

Hududlarda 95 ta markaz binosining qurilishi boshlandi, 7 tasi foydalanishga topshirildi.

2019-yilning 1 yanvardan boshlab:

  • vasiyatnoma kabi notarial harakatlarni amalga oshirishda audio va videoyozish uskunalaridan foydalaniladi;
  • notarial idoraga murojaat qiluvchilarning shaxsini aniqlashda va notarial harakatlarni tasdiqlashda taraflarning barmoq izlarini olish yo‘li bilan amalga oshiradi (bunday amaliyot hatto xorijiy davlatlarda ham mavjud emas);
  • uy-joyni ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi;
  • notarial idoralarda yagona darcha tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Adliya vazirligining 2019-yildagi rejalari

Sohani tizimli rivojlantirishda:

  • Adliya vazirligining 5 yillik strategiyasi ishlab chiqiladi;
  • vazirliklarni ichida birinchilardan bo‘lib to‘liq elektron hujjat aylanishga o‘tilmoqda — bunda vazirlikning quyi tizimida ijro intizomini nazorat qilishning vertikal tizimi o‘rnatiladi, faoliyatda qog‘ozdan foydalanishdan butunlay voz kechiladi;
  • adliya organlari va muassasalarining korrupsiyaga qarshi kurashishning idoraviy dasturi ishlab chiqiladi;
  • adliya organlari faoliyatining «Biz xalq uchun ochiqmiz» shiori ostida «Open justice» («Ochiq adliya») dasturi doirasida tizimli chora-tadbirlar belgilanadi;
  • «Advice.uz» portali ishga tushiriladi hamda «Street law» (Ko‘cha huquqi — oddiy huquq) loyihasi amalga oshiriladi;
  • «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi o‘tkaziladi;
  • Xorijiy davlatlarda xodimlarning malakasini oshirish 2018-yilga nisbatan kamida 1,5 barobarga ko‘paytiriladi;
  • adliya vaziri maslahatchisi sifatida tajribali chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi.

Norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash sohasida:

  • Fuqarolik qonunchiligini rivojlantirish Konsepsiyasining loyihasi ishlab chiqiladi;
  • «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi.

Huquqiy xizmat ko‘rsatish sohasida:

Barcha 22 turdagi notarial harakat to‘liq elektron dastur orqali amalga oshiriladi. Shuningdek:

  • fuqaro shaxsini aniqlash va notarial hujjatlarni tasdiqlash barmoq izlarini skaner qilish orqali amalga oshirish;
  • davlat xizmatlari markazlari uchun yangi 90 ta bino qurish;
  • davlat xizmatlari agentligining FHDYo arxividagi 20 mln. hujjatlarni raqamlashtirish, FHDYo sohasida «blokcheyn» texnologiyasini qo‘llash orqali axborot xavfsizligi va ularning shaffofligini ta’minlash;
  • davlat xizmatlari tomonidan 2019-yilda ko‘rsatilishi rejalashtirilgan 160 ta xizmat turlari uchun onlayn-to‘lovlarni hamda 201 ta markazlarda elektron navbatni joriy qilish;
  • xodimlar va Davlat xizmatlari markazlari samaradorligini baholash mexanizmini, «situatsion markaz»lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • jamoat transportlarining eng serqatnov bekatlari (metro, avtovokzal va aeroportlar, shuningdek bozorlar va yirik savdo komplekslari)da «yo‘l-yo‘lakay» davlat xizmatlarini joriy etish (Ma’lumot uchun, bunday xizmatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholining vaqti va xarajatini tejash bo‘lib, misol uchun Yaponiyada davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘jlallangan maxsus infokiosklar metroning xar bir bekatiga o‘rnatilgan bo‘lib, aholi bir bekatga kirishdan avval qilgan murojaati yuzasidan tayyor bo‘lgan hujjatni metrodan chiqishdagi bekatdan olib ketish imkoniyati yaratilgan);
  • aholini hamda davlat idoralarining vaqtini tejash hamda tezkorlikni ta’minlash uchun davlat xizmati ko‘rsatuvchi vakolatli organlarning qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv bazalarini elektron bazaga (raqamlashtirish) o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring