8 nafar sudyaning ish joyi o‘zgardi
Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda muqobillik asosida nomzodlari ko‘rsatilgan 13 nafar sudyani vakolat muddati davriga qayta tayinlashga oid masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda kengash matbuot xizmati xabar berdi.
Yakunda ko‘rsatilgan nomzodlarning 8 nafarining ish joyi o‘zgaradigan bo‘ldi:
- Ashurali Aktamevich Tashev jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining raisi lavozimiga tayinlandi, shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etildi.
- Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Orif Mamayunusovich Pardayev keyingi besh yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining raisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi Furqat Alibekovich Raxmanov kechagi sanadan Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi sifatida ish boshladi.
- Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudining raisi Zayniddin Suyunovich To‘rayev jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi lavozimiga tayinlandi.
- Abdusalom Qurbanpulatovich Mirzayev Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimiga tayinlanishi munosabat bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining raisi lavozimidan ozod etildi.
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining raisi lavozimiga Voxidjon Xolbekovich Norbekov tayinlandi, bungcha u jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining sudyasi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sudyasi lavozimida ishlab kelgan Abbos Avazbekovich Raxmatov faoliyatini jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining raisi lavozimida davom ettiradi.
- Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining sudyasi Nasibillo Toxirovich Qambarovning ham ish joyi o‘zgardi, endi u - fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining raisi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudi raisi lavozimiga tavsiya etilgan ikki nafar nomzod Kengash a’zolari tomonidan rad etildi. Endi mazkur lavozim uchun boshqa nomzodlar o‘rganilib, qayta tanlov o‘tkaziladi.
Pirovardida, Kengash a’zolari yetti nafar sudyaning intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ham muhokama etib, uch nafariga nisbatan rad qilish, to‘rt nafariga nisbatan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter