«Zulfiyaxonim qizlari» klubi tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida «Zulfiyaxonim qizlari» klubi tashkil etiladi. Klub a’zolarining O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining taklifiga asosan Toshkent shahriga klub mashg‘ulotlariga har chorakda bir marta kelib-ketishi bilan bog‘liq xarajatlar «Ijod» jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursini tashkil etiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018-yilning 1-avgustiga qadar Oliy adabiyot kursi mutaxassisliklari bo‘yicha tegishli malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi.
2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Oliy adabiyot kursiga bakalavr darajasiga ega bo‘lgan va adabiyot sohasida o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishilgan holda, Oliy adabiyot kursiga yillik qabul kvotalarini (40 foizi budjet va 60 foizi to‘lov-kontrakt bo‘yicha) belgilangan tartibda shakllantiradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Adiblar xiyobonida muntazam ma’naviyat darslari, kitob mutolaasi soatlari, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish, ushbu hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosida atoqli ijodkorlarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar uyushtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish tavsiya etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter