Toshkentda tarbiyachi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiga kuch ishlatdi
Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiga nisbatan kuch ishlatilgani xabar qilindi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Joriy yil yanvar oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan A. ismli bolaga B. ismli (erkak) tarbiyachisi kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan.
Qayd etilishicha, bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan. Tarbiyalanuvchi A. bilan suhbat o‘tkazilganida, yuqoridagi holatlarni tasdiqlagan. Uning o‘ng tirsak sohasi lat yeb, ko‘kargani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, tarbiyalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, navbatchi tarbiyachi yuqoridagi holat bo‘lishidan oldin ham bir necha marotaba uning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Biroq, u qo‘rquv ostida ushbu holatlar haqida hech kimga murojaat qilmagan.
«Monitoring jarayonida tarbiyalanuvchining tanasi shifokorlar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning tanasida ko‘kargan yaralar borligi, so‘zlariga ko‘ra, bosh qismida ham og‘riq mavjudligi aniqlandi. Tarbiyalanuvchi A. navbatchi hamshiraning oldiga tushib, o‘ng ko‘lining lat yeb, ko‘kargan tirsak qismiga surtma dori surdirganlik holati «Ambulator jurnali»da qayd etilmagani ham ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga holatni o‘rganib, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan tan jarohati yetkazilganligiga huquqiy baho berilishi so‘raldi»,— deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, kelgusida A.ga nisbatan bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil tazyiq va boshqacha ta’sirlarning oldini olish maqsadida navbatchi tarbiyachini mehnat qonunchiligiga muvofiq vaqtinchalik ishdan chetlatish masalasi ko‘rib chiqilishi uchun Xalq ta’limi vazirligiga xat kiritildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter