IIB xodimlari taniqli jurnalistga kuch ishlatgani aytilmoqda. Hodisaga Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva munosabat bildirdi
Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov («Kun.uz») O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan iste’foga ketishni so‘radi. Bunga sabab sifatida ichki ishlar organlari xodimlari hamon fuqarolarni haqoratlab, kaltaklashda davom etayotgani, vazir esa tizimni o‘zgartira olmayotganini keltiradi. Yana bir misol o‘laroq, jurnalist o‘zi bilan yuz bergan voqelikni keltiradi.
Jurnalistga ko‘ra, u 23-oktyabr kuni kechasi boshqaruvidagi avtomashina bilan chorrahadan (manzil aniq yozilmagan, biroq poytaxtdagi chorrahalardan biri ekaniga shubha yo‘q) o‘tayotganda YPX inspektori bir mashinaga to‘xtash ishorasini qiladi. O‘sha mashina haydovchisi yo‘l yoqasidagi inspektor xizmat mashinasiga yonma-yon, yo‘lning ikkinchi yo‘lagiga to‘xtaydi. Inspektor esa yo‘lning uchinchi yo‘lagidan haydovchi tomon yurib kelayotgan paytda tirbandlik va vaziyat taqazosiga ko‘ra jurnalist yo‘lning uchinchi va to‘rtinchi bo‘lagi orasiga tushib qoladi. Ayni jarayonda inspektorning qo‘li uning mashinasi o‘ng yon oynasiga tegib ketadi.
Jurnalist voqea joyidan qochmaydi, inspektor kelgach, unga yo‘l o‘rtasiga sal e’tibor bilan chiqishini aytishi ortidan mojaro boshlanadi. Bir emas, ikkita emas, naq olti nafar ichki ishlar xodimlari uni o‘rab olib, «buni rasmiylashtir, odam urdi», deyishga tushadi. Vaziyat kutilmagan o‘zanga burilib ketishidan xavotir olgan jurnalist Toshkent shahar IIBBda kimni tanisa, o‘shalarga qo‘ng‘iroq qilib, oddiy anglashmovchilik jiddiylashib ketayotganini tushuntiradi. Bu orada inspektor uning telefonini olib, shahar IIBB mas’ullaridan biri bilan gaplashayotganda IIB xodimlarining biri dubinka bilan besabab jurnalistning qorin qismiga tushiradi! So‘ng dubinka zarbidan ikki bukilib qolgan jurnalistni «aktyor ekan, tegma, hozir o‘ziga keladi», deya masxaralashadi.
Bu yoqda inspektor telefonda suhbatni tugatib, qaytib keladi va uning jurnalist ekanini hamkasblariga aytgach, 10 daqiqa ichida atrofdagi ichki ishlar xodimlari tumtaraqay bo‘ladi...
«...Inspektor va zudlik bilan shu joyga yetib kelgan rahbari meni yupatib kechirim so‘radi. Men qabul qildim. Ammo gap ularda emasdi. Xullas, vazir janoblari, ikkiyuzlamachi, o‘zboshimcha va vakolatini suiste’mol qilib, odam uradigan, haqarotlaydigan xodimlaringizni isloh qilolmayapsiz. Buni eplaydigan odamga o‘rningizni bo‘shatib bering», deb yozadi jurnalist. So‘ng qo‘shimcha qiladiki: «Men o‘zimni hech qachon bunday vaziyatlarda oppoq ko‘rsatmayman. Inspektordan aybim bo‘lsa, buni rasmiylashtirishni 5 marta so‘radim...».
Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishidan ko‘p o‘tmay, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bayonot bilan chiqdi. U jurnalist Alisher Ro‘zioxunov bilan bo‘lib o‘tgan holatdan xavotirda ekanini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan «...holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazib, masalaga oydinlik kiritilishini, aybdorlarga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilishini» so‘raydi.
Shuningdek, jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham voqelik yuzasidan munosabat bildirdi. «Albatta qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Hoh u oddiy fuqaro yoki jurnalist bo‘lsin, lekin xizmat vazifasidagi xodimlar odamlarga qo‘l ko‘tarishiga qarshimiz. Jurnalistlarni biz har qanday holatda ham himoya qilamiz», deydi Saida Shavkatovna.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bayonoti ham o‘zini ko‘p kuttirmadi. Unda poytaxt IIBB tomonidan mazkur ma’lumot o‘rganib chiqilib, voqeada ishtirok etgan barcha xodimlarning hamda fuqaro A.Ro‘zioxunovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi aytiladi. Shuningdek, «...bloger va jurnalistlardan, o‘z mavqeini ro‘kach (? — tahririyat) qilib ichki ishlar organlari xodimlarining ishlariga xalaqit bermasliklarini, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni buzib talqin etib (ta’kid bizniki — tahririyat) ommaga namoyish qilmaslik» ham so‘raladi.
Xolis aytiladigan bo‘lsa, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq mojarolar kun-kunaro ijtimoiy tarmoqlarni «bezab» turibdi, rosti. Keyingi ikki sutkaning o‘zida ikkita holat yuz berdi. Ya’nikim, kuni kecha ashaddiy jinoyatchi Nurafshon shahar sudi binosidan qochib ketgani shov-shuv keltirib chiqargan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tergovchisi nomusga tegish jinoyatini «yopib yuborgani» jamoatchilikda katta savol tug‘dirmoqda. Jurnalist bilan bog‘liq holat esa kamida uchinchi voqelik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter