Qo‘qondagi qamoqxonada mahkum to‘satdan vafot etdi
Qo‘qon shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum vafot etdi. Bunga yurak kasalligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 01.06.2022 yildagi hukmi bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va probatsiya hisobiga olingan mahkum R.N. o‘rnatilgan cheklovlarni buzib, belgilangan hududni tark etganligi aniqlanib, ko‘rilgan choralar natijasida 06.11.2022 yil kuni Toshkent shahrida ushlangan. Shu kuni Qo‘qon shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Joriy yilning 8-noyabr kuni soat 02:56 larda mahkum N.R. o‘zini yomon his qilganligi uchun u bilan birga saqlanayotgan S.Yu. nazoratchi xodimlarni yordamga chaqirgan. Hibsxona xodimlari, muassasaga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali holatni ko‘rib, zudlik bilan tez-tibbiy yordamga murojaat qilishgan. Muassasaga yetib kelgan tibbiyot xodimlari, soat 03:16da mahkumning o‘limini qayd etishgan, deyiladi Farg‘ona viloyati IIB xabarida.
Qo‘qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining 08.11.2022 yil kunidagi dastlabki tashxisiga ko‘ra marhum R.N.ning o‘limiga «yurakni surunkali ishemik kasalligi, yurak toj qon-tomirlarining o‘tkir yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan. Marhumning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter