Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryolik 2,5 yoshli Afruzbek bog‘chadan poyezd yo‘liga qanday kelib qolgandi? (video)

Qashqadaryolik 2,5 yoshli Afruzbek bog‘chadan poyezd yo‘liga qanday kelib qolgandi? (video)

Joriy yilning 12-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida Qarshi-Maroqand temir yo‘l yo‘nalishida qatnovchi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi 2,5 yoshli bolani bosib ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarda 2022-yil 9-sentyabr kuni sodir bo‘lgani aytilgan mazkur voqea tafsilotlari ma’lum qilindi.

Unda aytilishicha, voqea kuni o‘sha kuni soat 15:30 larda sodir bo‘lgan. Bola poyezd urib ketishidan 15 daqiqa avval ham tarbiyachining oldida bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, bolakayning mahalliy DXSh asosidagi Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga keltirilganiga 2 kungina bo‘lgan.

Bolakayning buvisi nabirasidan xabar olish maqsadida o‘sha kuni soat 12:00 larda bog‘cha tarbiyachisiga qo‘ng‘iroq qilgan va tarbiyachi unga bolaning yonida ekanini, o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan.

– Qizim farzandini olib kelganida, mayli qolsin, o‘zimning bolamday qarayman, deb olib qolgan. O‘sha kuni soat 12:00 larda ham telefon qilgan, bolam injiqlik qilmayaptimi, deb. Tarbiyachi soat 15:15larda ham oldimda edi, deyapti. Soat 15:30da esa bu voqea sodir bo‘lgan. 15 daqiqaning ichda 2,5 yashar bola voqea joyiga qanday yetib borganiga hayronmiz, – deydi bolaning buvisi Mahbuba Sharipova.

Tarbiyachi esa o‘z ko‘rsatmasida bolaning derazadan oshib, 5 daqiqa ichida yo‘qolib qolganini va uni qidirganini aytgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur oilaviy bolalar bog‘chasining ayni paytda faoliyati to‘xtatilgani aytilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring