Botir Orifjonov «LeBazar»dagi ulushini Zafar Hoshimovga sotdi
Botir Orifjonov «LeBazar»dagi ulushini Zafar Hoshimovga sotgani va kompaniya ta’sischilari ro‘yxatidan chiqqanini ma’lum qildi. Bitim summasi ochiqlanmagan.
«Bu qaror menda ma’lum vaqt davomida pishib keldi desam bo‘ladi. Hamkorligimiz davrida biz ko‘tarilish va pasayish, yaxshi va yomondan iborat bo‘lgan qiziqarli davrlarni boshdan kechirdik…
Men biznesga bog‘lanmaslikka o‘rganganman va qaror qabul qilishim kerak bo‘lganda, men buni sof foydaning sovuq mantig‘i asosida qabul qilaman.
Sherigim va jamoamga kelgusida biznes yanada rivojlanishini tilayman, meni esa yangi loyihalar kutmoqda va bu haqda tez orada ma’lum qilaman», deb yozadi Botir Orifjonov.
Ushbu hamkorlik tarixi haqda Zafar Hoshimov ham post qoldirdi:
«2016 yil yoz fasli boshida Botir Orifjonov FBda Toshkentga qaytayotgani haqida post yozgan edi. Uni o‘qib chiqqandan so‘ng, men darhol u bilan maslahatlashmoqchi ekanligimni shaxsiy sahifasiga yozdim.
Men uni elektron tijorat ustasi sifatida bilardim. Aytishga oson, lekin 2000 yillar boshida PAYNET tizimini yaratgan shaxs, ya’ni bizning Botir, chinakam afsonaga aylanib bo‘lgan edi.
Shu bilan birga, «Korzinka»da, 2005 yildan beri mamlakatdagi birinchi onlayn oziq-ovqat do‘konini yaratganiga qaramay, tarmoqning onlayn savdosining rivojlanishi hamon sust edi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun alohida iste’dod va ko‘nikma zarurligi yaqqol ko‘rinib turardi va bu sohada Botirdan zo‘r yo‘lboshini tasavvur qilish qiyin edi.
Biz uchrashib, suhbatlashdik va natijada qo‘shma loyihamiz – «LeBazar» paydo bo‘ldi.
Mana, besh yarim yil o‘tib, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz, Botirning dunyoqarashi va iste’dodi tufayli «LeBazar» kabi qulayligi, xizmat ko‘rsatish sifati bilan bozorda keng tanilgan mamlakatning eng yetakchi elektron tijorat loyihasi ro‘yobga keldi. Korxona dadil oyoqqa turib oldi, muvaffaqiyatli rivojlanmoqda va o‘z oldiga yangidan yangi maqsadlar qo‘ymoqda. Loyihani professional va yaxshi o‘qitilgan jamoa boshqarib kelyapti. Bularning barchasi, albatta, Botirning xizmati.
O‘tgan yilning oxirida Botir loyihadan chiqishga qaror qildi va bugun biz uning biznesdagi ulushini oldi-sotdi qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Biznes yo‘llarimiz tarqaganidan qanchalik afsuslanmaylik, biz hamkorlarning biznes ustuvorliklari turli sohalarda rivojlanishi mumkinligini yaxshi tushunamiz. Muhimi, do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch rishtalari hamon mustahkam bo‘lib qolayotgani.
Men «LeBazar» jamoasi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Botirga hozirgi «Astrum Academy» loyihasida hamda boshqa barcha joriy va kelajakdagi loyihalarida katta muvaffaqiyatlar tilayman».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter