Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident har bir bemor haqida kundalik ma’lumot oladi — Videoselektor haqida

Prezident har bir bemor haqida kundalik ma’lumot oladi — Videoselektor haqida

«Korzinka» savdo tarmog‘i rahbari Zafar Xoshimov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan koronavirus kasalligiga qarshi kurashish chora-tadbirlari ko‘rib chiqilgan videoselektor yig‘ilishida ishtirok etdi va bu borada taassurotlarini o‘rtoqlashdi.

«Kecha men umrimda birinchi marta Savdo-sanoat palatasi taklifiga binoan Prezident o‘tkazgan videoselektorda ishtirok etdim va o‘sha tadbirdagi kechinmalarimni ifoda qilmoqchiman.

Nimalardan ta’sirlandim:

— Prezident har bir bemor haqida kundalik ma’lumot oladi. Bir nechta bemorda kasallik kechishi holatlari haqida mukammal axborot berdilar.

— Prezident har qanday moddiy xarajat evaziga bo‘lmasin, bu vaboning tarqalishi oldini olish, unga boshqa qurbon bermaslik harakatida.

— Kasallik olib ketgan ikki qurbon haqida qayg‘urib, ularning yaqinlariga va qarindoshlariga ta’ziya bildirdilar.

— Vaziyat qo‘ldan chiqib ketsa, uning oqibatlari naqadar ayanchli bo‘lishini hammaga eslatdilar. Bu masalani hal qilishda xalq ongi, sabri, mustahkam intizomi va mas’uliyati qurolimiz bo‘lishi kerakligini belgilab berdilar.

Qisqacha aytganda, hamma kuch, mablag‘, amallar va vositalar epidemiya tarqalishi bilan kurashishga bag‘ishlanishi kerak.

Bu choralar xalq uchun, uning sog‘lig‘i, qolaversa, hayoti uchun qilinyapti. Shuning uchun xalqimiz ham bu masalaga tafakkur ila, intizomli va mas’uliyatli yondashishi zarur bo‘ladi. Tabiiyki, davlat bu borada qattiqqo‘l bo‘lishdan boshqa chorasi yo‘q. Buni hammamiz tushunishimiz zarur.

Pandemiya boshlanganida yurtboshimizning har qancha moddiy yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa ham bu kasallikka bitta ham qurbon bermaslik yo‘lini tanlaganlari meni ta’sirlantirgan edi. O‘zi juda badavlat mamlakat bo‘lmasak-da, Prezident har qanday iqtisodiy manfaatlardan yagona vatandoshimiz hayotini yuqori qo‘yishlari meni shu yurt fuqarosi sifatida ham quvontirdi, ham faxrlantirdi.

Negaki, juda boy mamlakatlar rahbarlari, jumladan, Italiya, Ispaniya turistlarni cho‘chitib yubormaslik uchun, AQSh kapital bozorlaridagi holat barqarorligini buzmaslik uchun uzoq muddat bunday jur’at ko‘rsata olishmadi. Buyuk Britaniya hukumati esa, hattoki qandaydir vaqt, mayli kasal bo‘lsak, bo‘lamiz, ish to‘xtamasin yo‘sinida harakat qilib, ahvol mutlaqo og‘irlashgandagina karantin tatbiq qila boshladi.

Natijada, ma’lumki, bu mamlakatlarda hozirda yuzlab, minglab, o‘n minglab qurbonlar berilyapti, ular dunyoda kasallik tarqalgan mamlakatlar orasida yetakchi o‘rinda turib, Britaniyada hatto valiahd shahzoda va Bosh vazir ham shu dardga chalingan.

Mana endigina ayon bo‘lyaptiki, bu kasallikdan ilk nishona paydo bo‘lgan zahoti karantinga kirgizib, jon-jahd ila kurashish iqtisodiy jihatdan ham aslida eng to‘g‘ri qadam bo‘lar ekan.

Men bu xulosaga yaqinda Vedomosti jurnalida chop etilgan taniqli iqtisodchi Guriyevning «VVP ili jizn lyudey» (YaIM yoxud insonlar hayoti) degan maqolasini o‘qib keldim. Unda, xususan, Amerika misolida, karantin qilib bu dard bilan keskin kurashish natijasida ro‘yobga keladigan potensial iqtisodiy yo‘qotishlar, bu dard bilan kurashmaslik oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlardan qariyb 30-35 marotaba kam bo‘lishi sodda hisoblar bilan isbotlab berilgan.

Tadbirkorlik tajribamdan shu narsani o‘rgandimki, halol, insonparvar va odamgarchilik nuqtai nazaridan qilingan hamma amal aslida biznes va iqtisod uchun foydali, aksi esa doim zarar keltirardi. Bu maqola esa shu koronavirus misolida bu tajribaviy xulosani ilmiy tasdiqlab beradi.

Ya’ni karantinning birinchi kunlaridayoq kasallik tarqalishiga qarshi safarbarlik bu nafaqat xalqparvarlik nuqtai nazaridan, balki iqtisodiy jihatdan ham yagona to‘g‘ri qadam edi.

Kecha esa shu yo‘lda ikkinchi muhim qadam bosildi.

Yuqorida aytganimizdek, bu vabo iqtisodiy talofat demakdir, uning asoratlarini hammamiz ko‘rib turibmiz. Korxonalar faoliyati to‘xtagan, transport, turizm, savdo, ishlab chiqarish, hamma sohaga ta’sir ko‘rsatib turibdi. Buning barchasi ortida odamlarimiz, ularning iqtisodiy manfaatlari, oylik va boshqa daromadlari turibdi. Bu sharoit boshqalardan ko‘ra ayni kam daromadli oilalar ro‘zg‘origa katta zarba bo‘lib tushadi, ichki bozorimizda iste’mol va aholining sotib olish quvvatini tushiradi.

Prezidentimizning pandemiya sharoitida qabul qilgan ikkinchi farmoni xuddi shu asoratlarni davlat mablag‘i hisobiga yengillashtirishga bag‘ishlangan. Farmonda kam daromadli tabaqalarni ijtimoiy himoyalash va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari o‘z aksini topdi.

Men bu yerda shu ikkala yo‘nalish aslida bir ekanini va u pirovardida xalqning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligini ko‘rsatib bermoqchiman.

Ijtimoiy himoya choralari o‘z-o‘zidan shu hodisa natijasida birinchi zarbani o‘ziga olgan kam ta’minlangan fuqarolarimizga davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy ko‘mak choralarini kengaytirib va chuqurlashtirib beradi.

Shu o‘rinda men tadbirkorlarga berilayotgan ko‘mak haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu choralar ham xalq manfaati, jumladan xuddi ana shu kam ta’minlangan aholi qatlamlari manfaatiga xizmat qiladi.

Soliq islohotlari muhokama bo‘layotgan paytda shu narsa ayon bo‘ldiki, aholimizning ishga layoqatli qismining uchdan ikkisi hatto daromaddan soliq to‘lash ro‘yxatidan o‘tmagan ekan. Bu degani — bu xaloyiq daromad topmaydi, degani emas, balki ular rasman qayd etilmagan bo‘lsa-da, har sohada kundalik tirikchilik topish bilan mashg‘ul edilar. Ushbu pallada favqulodda to‘xtashlar oqibatida, boshqalardan ko‘ra ayni shu insonlar eng katta talofat ko‘ribgina qolmay, ularning manfaatlari eng kam ijtimoiy himoyalangan.

Ma’lumki, bu guruhning daromadlari manbasi bu yakka holdagi biznes va kichik hajmli korxonalar faoliyatidir. Yangi Farmonning salmoqli qismi xuddi ana shu tabaqalarni himoyalashga bag‘ishlandi. Unda yakka tartibdagi tadbirkorlik, hunarmand, kasanachi, uy mehnati bilan mashg‘ul insonlar, kichik biznes, ayniqsa hozirgi sharoitda faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarga eng katta yengilliklar yaratildi. Shu kabi korxonalarga hamda oddiy fuqarolarning banklar oldidagi o‘nlab trillion qarzlari bo‘yicha katta yumshatishlar berildi.

Keyingi toifa — bu turizm sohasi. Oxirgi yillar davlatimiz sa’y-harakatlari ila turizm rivojlanishiga katta turtki berilgandi. 80dan ortiq mamlakat fuqarolariga mamlakatimizga vizasiz kirish tartibi o‘rnatilib, yana talaygina mamlakat sayyohlari uchun onlayn viza kabi kulay sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, davlat o‘z resurslari bilan mehmonxonalar qurilishiga kirishgan tadbirkorlarga hatto ular hisobiga ma’lum mablag‘lar ajratdi. Davlatning bu chaqirig‘iga labbay deb chiqqan tadbirkorlar ko‘plab mehmonxonalarni tez orada ishga tushirdilar, yana yuzlab mehmonxonalar qurilish va loyiha pog‘onasida edi.

Mavjud sharoitlar xuddi shu soha tadbirkorlariga hammadan katta zarba berdi. Sababi, sayohatlar mutlaqo to‘xtadi. Bu sharoitda davlat bu sohaga yaratgan sharoitlar, albatta, juda dolzarb va o‘rinli. Bu kunlar va sinovlar o‘tib ketadi, lekin biz natijada kelajakda yurtimizda ko‘pdan-ko‘p ishchi o‘rinlar barpo qilib, ko‘plab qatnashchilarga ega, raqobatbardosh, valyuta tushumini salmoqli oshirish qobiliyatiga ega bo‘lgan butun bir aksari nodavlat sohani saqlab qolishimiz juda zarur. Bunda oddiy xalq kelajagiga katta foyda bor.

Endi aholi iste’moli uchun zarur 20dan ortiq oziq-ovqat va boshqa iste’mol mollariga aksiz va boj to‘lovlarining nolga tushirilganiga kelsak, bu aniq va bevosita iste’molchilar, ya’ni xalq manfaati uchun qo‘yilgan qadam. Men buni sahifalarimda va maqolalarimda ko‘p qaytarar edim, har qanday boj to‘lovlar biznes ustidagi emas, balki iste’molchi ustidagi yuk ekanligini. Ushbu Farmon bilan Prezidentimiz xuddi ana shu yukni aholiga yana bir bor davlat hisobidan yengillashtirib berdilar.

Natijada, yangi Farmon bilan avvalgi e’lon qilingan 10 trln so‘m ustiga yana 20 trln so‘mdan ortiq mablag‘ni qiyinchilik boshidan kechirayotgan xalqimiz foydasiga qayta taqsimlab berildi.

Selektor davom etardi.

Shu joyidan bu yig‘ilish menga haqiqiy katta korporatsiyaning juda jadal va unumli biznes jarayonini eslata boshladi.

Agar majlisning avvalgi qismi davlat tomonidan beriladigan resurslarga bag‘ishlangan bo‘lsa, bu qismi to‘la-to‘kis shu resurslarni unumli joriy va nazorat etishga bag‘ishlandi.

Meni bu jarayonda, ayniqsa, berilayotgan yordam aholiga va tadbirkorlarga yetib borish tizimi, tadbirkorlar bilan joylarda olib borilayotgan ishlarning izchilligini oshirish yangi mexanizmlarining muhokamasi juda qiziqtirdi.

Shu o‘rinda videoselektor majlisida bir tajriba muhokamasini kuzatib, o‘zim uchun karantin sababli jamiyatimiz raqamlashgan iqtisodiyotga yanada dadil qadam bosib o‘tib ketsa, ajab emas, deb o‘yladim.

Boyovut hamda To‘raqo‘rg‘on tumanlarida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov boshchiligida ajib bir tajriba boshlandi. Telegram-bot tizimida tuman tadbirkorlari avtomatik ro‘yxatdan davlat hokimiyatiga bo‘lgan barcha savol, muammo va takliflari bilan murojaat qilishlari mumkin. Bunda tadbirkorlar ro‘yxat raqamlari bo‘yicha tuman to‘rt sektor rahbarlariga avtomatik taqsimlanadi. Har bir tadbirkor uchun shu sektor rahbari otaliqqa olingan kabi shaxsan javobgar bo‘lib, savoliga o‘z vaqtida javob berishi, masalani hal qilib, taklifni ko‘rib chiqish tizimi yaratiladi. Hamma amallarning raqamli izi bo‘lib, markazdan bu sodda nazoratga olinishi ta’minlanadi. Ya’ni, endi bechora tadbirkor birovning qabuliga kelib, rasmiyatchilik va har xil sansolarlik va kechiktirilishga yo‘liqmaydi. Nazarimda, tajriba yaxshi o‘tyapti va davlatimiz Rahbari bu tizimni zudlik bilan mamlakatimiz barcha viloyat va tumanlarida tatbiq etilishini topshirdilar.

Bu xuddi yordam mablag‘larini tadbirkorlik daraxtini sug‘orishga qiyoslasak, bu chora xuddi sug‘orilayotgan daraxtning tagini chopiq qilib yordam daraxt ildizlariga yetishini ta’minlash, desa bo‘ladi. Ana endi bu daraxtning sog‘lom shoxlari — ya’ni salohiyatli tadbirkorlar bu yordam evaziga o‘sib, ko‘karib, vatanga hosil berishlariga umid bog‘lasa bo‘ladi.

Majlisda qator viloyatlar, xalq xo‘jaligi sohalari, tashqi iqtisodiyot va investitsiyalar sohalaridagi ahvol keng ravishda ko‘rib chiqilib, muhokama qilindi.

Mening nazarimda, muhokamalarning aksariyatida juda jadal, asosiy masalalarga to‘la va to‘g‘ri urg‘u hamda e’tibor berilib utdi.

Bir vaqtlar davlat arboblarining majlislariga kelib qolib, zerikib, shu majlislarda qancha vaqt bekor o‘tadi, deb xayol qilardim. Kechagi videoselektorda esa, aksincha, biz ishbilarmonlar masalalarni muhokama qilishda shu videoselektordan ancha saboq olishimiz mumkin ekan, deb tushundim.

Biz tadbirkorlarga muhim topshiriq bo‘ldi. Ushbu mushkul vaziyatda sabr va halollik ila faoliyat ko‘rsatib, xalqning og‘irini yengil qilish va narx-navo masalalarida xalqqa ko‘makchi bo‘lish hamda imkon qadar iste’molchilarning uzog‘ini yaqin qilish masalalari qo‘yildi.

Xalqimizda qars ikki qo‘ldan chiqadi degan naql bor. Davlat tadbirkorlar va aholiga yuzlanib, shuncha qadam bosganida, biz tadbirkorlar ham davlat va xalqimizga qarab baholi qudrat odimlashimiz kerak. Bu qiyin sharoitdan, aminmanki, chiqib ketamiz, lekin yechim birdamligimizda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring