Toshkent va viloyat markazlariga ekologik zaharli mashinalar kiritilmasligi yoki buning uchun to‘lov joriy etilishi mumkin – loyiha
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi. Agar hujjat jamoatchilik muhokamasidan o‘tsa, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligining quyidagi takliflari qabul qilinishi mumkin:
- yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanuvida bo‘lgan benzin, dizel va gaz dvigatellari bilan jihozlangan M va N toifalardagi g‘ildirakli transport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlar (transport vositalari tashlamalarining normativlari)ga mosligini nazorat qilish tizimini joriy etish;
- atmosfera havosiga zararli ta’siri transport vositalari tashlamalarining normativlaridan yuqori bo‘lgan transport vositalariga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini va (yoki) ulardan foydalanishni cheklash choralarini tatbiq etish;
- transport vositalari tashlamalarining normativlarga mosligini nazorat qilish ishlariga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilish;
- hududlarda “Eko post”larni tashkil etish uchun xususiy investitsiya mablag‘larini jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish;
- gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan M va N toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalarini foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomalaga chiqarish (import qilish)” bojxona rejimiga joylashtirish ularning zaharlilik darajasi Yevro-4 va undan yuqori yoxud Yevro-4da keltirilgan ekologik talablardan past bo‘lmagan o‘xshash ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibida amalga oshirilishi.
Qaror loyihasida transport vositalari tashlamalarining normativlarga mosligini nazorat qilish laboratoriya sinovlarini o‘tkazish orqali quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilangan:
- 2024 yil 1 iyuldan boshlab – barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar foydalanuvida bo‘lgan transport vositalari uchun majburiy tartibda;
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab – barcha boshqa yuridik shaxslar foydalanuvida bo‘lgan transport vositalari uchun ixtiyoriy tartibda;
- 2025 yil 1 iyuldan boshlab – barcha jismoniy shaxslar foydalanuvida bo‘lgan transport vositalari uchun ixtiyoriy tartibda;
Shuningdek, atmosfera havosiga zararli ta’siri transport vositalari tashlamalarining normativlaridan yuqori bo‘lgan transport vositalari bo‘yicha:
- yuridik shaxslarga – kompensatsiya to‘lovlarini tatbiq etish va 2025 yil 1 sentyabrdan tashlamalarining normativlarga mosligi tasdiqlanmagan transport vositalaridan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlari hududida foydalanishni man etish;
- jismoniy shaxslarga – 2025 yil 1 sentyabrdan tashlamalarining normativlarga mosligi tasdiqlanmagan transport vositalaridan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlari hududida foydalanishni taqiqlash choralari qo‘llanadi.
Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlarida transport vositalari tashlamalarining normativlarga muvofiqligini baholash talab etilmaydi.
Qaror loyihasi muhokamasi 17 noyabrga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter