Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shubhalar tasdig‘ini topyapti...» – «UzAuto Motors» bo‘yicha deputatlar so‘roviga Bojxona qo‘mitasi maxfiy hujjat yubordi

«Shubhalar tasdig‘ini topyapti...» – «UzAuto Motors» bo‘yicha deputatlar so‘roviga Bojxona qo‘mitasi maxfiy hujjat yubordi

Foto: Xabar.uz

«UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ tomonidan import boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lanmasdan avtomashinalar import qilishi borasidagi gumonlar kuchaymoqda.

Yaqinda Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari (R.Kusherbayev, D.G‘aniyev, B.Eshmurzayev) Davlat bojxona qo‘mitasi raisi hamda Moliya vaziriga «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ uchun avtomashinalarni import qilishda import boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish borasida Hukumat qarori yoki imtiyozli huquq taqdim etilganligi borasida batafsil ma’lumot berish hamda mamlakat avtomobil bozoridagi raqobat muhitini yaxshilash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida avtomobillar uchun import bojlarini kamaytirish masalasi bo‘yicha o‘z nuqtai-nazarini bayon etishni so‘rab «deputatlik so‘rovi» yuborilgan edi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga ko‘ra, kecha so‘rovga Davlat Bojxona qo‘mitasidan javob kelgani xabarini yetkazishgan.

«Ammo javobni qo‘limizga berishmadi. Chunki javob maxfiy hujjat sifatida yuborilibdi...

Tasavvur qilayapsizmi: jamiyatni, jamoatchilikni qiziqtirayotgan, davlat va jamiyat xavfsizligiga bog‘liq bo‘lmagan masalada bizning ochiq yuborayotgan so‘rovlarimizga javoblar maxfiy, qo‘mita raisining nuqtai nazari ham maxfiy va biz undan foydalana olmaymiz. Kulishni ham yig‘lashni ham bilmaysan.

Boshqalardan farqli o‘laroq deputat faoliyati ochiq bo‘lib, jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan oshkora muloqotlar olib borishni burchimiz, deb bilganimiz sababli kelgusida bizni qandaydir «qo‘rqinchli sir»larni oshkor etib, yo‘q obro‘sini tushirishda ayblamasliklarini hoxladik. Shundog‘am payt poylab turishibdi.

Shu nuqtai nazardan qo‘limizga olish mumkin bo‘lmasa-da faqat tanishib, keyin jim yurilishi kerak bo‘lgan maxfiy javob bilan tanishishdan bosh tordik.

Shu bois, bu so‘rovga javob olmadik, deb hisoblasak ham bo‘laveradi.

Shubhalar tasdig‘ini topib borayapti...

Katta ehtimol bilan Moliya vaziri ham javobda shunday «priyom» qo‘llasa kerak. Kutamiz, lekin qaytish yo‘q.

Hozircha esa yashasin ochiqlik, «yashasin» «UzAuto Motors» monopoliyasi!», deb yozadi deputat Rasul Kusherbayev.

Deputat Doniyor G‘aniyev ham Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan deputatlik so‘roviga yuborilgan javob maxfiy, ya’ni faqatgina tanishish uchun belgilanganligi va jamoatchilikka oshkor qilinishi yoki ma’lumotlardan foydalanishi mumkin emasligi uchun tanishish huquqidan voz kechishganini qayd etdi.

«Ma’lumotlar maxfiyligi, hujjat bilan tanishmasdan ham, «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJlar tomonidan import qilinayotgan avtomobillarga milliardlab so‘mlik imtiyozlar berilayotganligi borasidagi shubhalarimizni yana bir bor tasdiqladi. Shunday ekan, bilmayin ham, kuymayin ham dedik.

Men huquqshunos emasman, ehtimol shu sabab maxfiy hujjat va ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablarni aniq bilmasman. Lekin, odatda davlat mustaqilligi, xavfsizligi, mudofaa qobiliyati, ichki xavfsizlik va tartibni saqlash yoki davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar xavfsizligiga oid ma’lumotlargina maxfiy ma’lumotlar hisoblanmaydimi? Nega endi qandaydir tijorat tashkilotiga berilayotgan imtiyozlar maxfiy ma’lumot bo‘lishi, jamoatchilikka oshkor etilmasligi kerak? Shu maxfiy ma’lumotlar tufayli «UzAuto Motors» AJ va Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi o‘rtasidagi sud ishi yopiq tarzda ko‘rildimi?

Afsus, savollar ko‘p, lekin javoblar yo‘q...», deydi Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputatlar so‘roviga Bosh prokuratura «UzAuto Motors» AJda o‘tkazilgan tekshirishda to‘plangan hujjatlar bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring