Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda pullik yo‘llar quriladi. Unda eng yuqori tezlik odatdagidan 20 km/soatga ortiq bo‘ladi

O‘zbekistonda pullik yo‘llar quriladi. Unda eng yuqori tezlik odatdagidan 20 km/soatga ortiq bo‘ladi

Foto: «CARobka.ru»

Umumfoydalanishdagi muqobil yo‘llar bo‘lgan joylarda pullik magistral yo‘llar quriladi. Ularda yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori tezlik belgilanganidan 20 km/soatga ortiq bo‘ladi, foydalanganlik uchun haq esa sutkadagi vaqtga qarab tabaqalashtiriladi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.

Hukumat 2018–2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish niyatida. Hozir bu loyihalar QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.

Pullik avtomobil yo‘llari tarmog‘i barpo etilishi mamlakatimiz uchun yangi holat, shu sababli zarur normativ-huquqiy bazani yaratish talab etiladi. «Pullik avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish ko‘zlanmoqda.

Pullik yo‘llar davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. Bunday hamkorlik tartibini ishlab chiqish lozim.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va IIV yangi infratuzilma ob’yektlarini barpo etish bo‘yicha investitsiyaviy majburiyatlarni qabul qilgan holda pullik magistral yo‘llarni qurish uchun hududlar ro‘yxatini yangi yilgacha ishlab chiqishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek 2019-yilda mamlakatning barcha mintaqalarida pullik magistral yo‘llarni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga doir takliflar ishlab chiqiladi.

Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chimkent va O‘zbekiston chegarasi o‘rtasidagi yo‘l qismi pullik bo‘lishi xabar berilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring