«Zulmat ichra nur» – Germaniya prezidenti insoniyatni qutqaruvchi kuch haqida gapirdi
Qorong‘ilik domida qolgan bugungi kunimizni yorituvchi najotkor kuch bu – kitoblardir. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Frankfurt kitob ko‘rgazmasidagi (Frankfurter Buchmesse) nutqida gapirdi. Insoniyat yana urush bilan ro‘baro‘ kelgan davrda rost so‘zga bo‘lgan ehtiyoj oshgan, deb ta’kidladi siyosatchi.
«Shubhasiz, aynan kitoblar bizga olamni idrok etishga ko‘mak beradi, borliqni teran anglashda fonus kabi yo‘limizni yoritadi. Qolaversa, aynan kitoblar bizni dunyoga va uning ahvol-ruhiyasiga tanqidiy nigoh bilan qarashga o‘rgatadi, muloqotga, muhokamaga chorlaydi», – dedi Germaniya prezidenti.
Shtaynmayer, ayni choqda, barcha kitoblar ham ezgulikka xizmat qilavermasligi, binobarin, yovuzlik, yolg‘on va adovatga yetaklovchi bitiklardan ehtiyot bo‘lish kerakligini qayd etdi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyo hamjamiyatining xavotiru tashvishiga sabab bo‘layotgan fojialar sirasiga kiradi. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonganidek, Ukrainadagi qirg‘inbarotda boshqa fuqarolik ob’yektlari qatorida kutubxonalar, nashriyotlar, ma’rifat maskanlari ham vayron bo‘lmoqda. Germaniya prezidenti o‘z nutqida ushbu masalaga e’tibor qaratar ekan, xalqaro hamjamiyat Ukraina noshirlik sohasi, kitob sanoatini tiklashga ko‘mak ko‘rsatishga burchli ekanini ta’kidladi.
«Ukrainaga bu borada moddiy ko‘mak ko‘rsatish suv bilan havodek zarurdir. Negaki, bu tom ma’noda haqiqatga xizmat qiladi: yolg‘on-aldovga qarshi kurash, ma’rifatni ustuvor etishda dastak bo‘ladi», – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.
Frankfurt kitob ko‘rgazmasi dunyodagi eng nufuzli tadbirlardan biri sanaladi. Pandemiya bilan bog‘liq ikki yillik cheklovdan keyin bu yilgi ko‘rgazma nisbatan kengroq ko‘lamda tashkil etildi. 19-oktyabrdan 23-oktyabrga qadar davom etgan tadbirda 90 dan ziyod davlatning 4000 eksponati namoyish etildi. 172 ming kvadrat metr maydonni egallagan zallarda jahon adabiyoti durdonalari, bestsellerlar, noshirlikning so‘nggi yutuqlari taqdim etildi.
Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya bu galgi yarmarkaga taklif etilmadi. Tadbirda ishtirok etish uchun ariza bergan Eron davlati ham so‘nggi lahzalarda unda qatnashmasligi ma’lum bo‘ldi.
Kitob yarmarkasida adabiyotga endi kirib kelayotgan qalamkashlardan tortib zabardast adiblarga qadar – yuzlab ijodkorlar qatnashdi. Ko‘rgazma doirasida noshirlar, adiblar, tarjimonlar, rassomlar, kutubxonachilar, kitob savdosi vakillari, soha ekspertlari uchun ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etildi.
An’anaga ko‘ra har yili Frankfurt ko‘rgazmasiga muayyan davlat faxriy mehmon sifatida taklif etiladi. Bu gal 200 ga yaqin yozuvchi-shoir Ispaniya adabiyotini tamsil etdi. Ko‘rgazmada Ispaniya qiroli Filipp VI va qirolicha Letisiya ham shaxsan qatnashdi.
Xalqaro ko‘rgazma ma’muriyati bu gal Ukrainaga ham alohida o‘rin berdi. Zulmga qarshi kurashayotgan mamlakatning 30 dan ziyod yozuvchi, noshirlari o‘z ijodiy ishlarini namoyish etdi. Ko‘rgazma doirasida Olmon noshirlari mukofoti ukrainalik yozuvchi Sergey Jadanga topshirilgani ham ramziy ma’no kasb etdi.
Frankfurt kitob ko‘rgazmasi 1949 yildan beri o‘tkazilib keladi. Ammo uning tarixi 500 yildan oshiqdir. Ko‘rgazma tarixi insoniyat hayotida ilk bosma dastgohni ixtiro qilgan Iogann Guttenberg nomi bilan bog‘liq. Olmon kashshofi Frankfurtga qo‘shni Mayns shahrida yashagan. Manbalarga ko‘ra, Guttenberg davridayoq mazkur shaharda dunyodagi ilk kitob ko‘rgazmasi tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etib keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter