Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aroq sotiladigan do‘konlar g‘oyatda xavfli joylardir» – Zimbabve vaziri

«Aroq sotiladigan do‘konlar g‘oyatda xavfli joylardir» – Zimbabve vaziri

Afrikada koronavirus bilan chalinganlar soni 3 million nafardan oshdi. 1,3 milliard aholi yashaydigan qit’ada bu darddan hozirgacha 60 ming inson qurbon bo‘ldi.

Kasallik ko‘rsatkichlarining pastligiga asosiy sabab sifatida Afrika mamlakatlarining iqlimi, aholi qatlamlarining yoshligi, qit’a transport infratuzilmasining yaxshi rivojlanmagani asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Qolaversa, statistikaning to‘g‘ri olib borilmayotgani va aholini testdan o‘tkazish tizimidagi oqsoqliklar ham raqamlarning real hayotga mos emasligidan dalolat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afrikada atigi 8 mamlakatda tug‘ilishni ro‘yxatga olish bo‘yicha to‘laqonli tizim ishlaydi, faqat 3 davlat (Misr, Mavrikiy va Seyshel orollari)da o‘limni ro‘yxatga olish tizimi amal qilmoqda.

Shu sababli tibbiyot markazlari sonlarni qanday ma’qul kelsa shunday ko‘rsatib kelmoqda.

Qit’adagi eng qoloq davlatlardan biri – Zimbabveda ayni kunlarda pandemiyaning yangi to‘lqini avj olmoqda.

«Koronavirus karantini vaqtida Zimbabve supermarketlarida spirtli ichimliklar sotilishiga ruxsat berilmaydi», deya ma’lum qildi mamlakat Adliya, yuridik va parlament ishlari vaziri Ziyambi Ziyambi.

Yangi karantin choralariga ko‘ra, spirtli ichimliklar do‘konlariga taqiq hozircha yanvar oyi uchun amal qiladi. Faqat mehmonxonalar o‘z mijozlariga ularni sotishi uchun cheklovlar qo‘yilmagan.

«Aroq sotiladigan do‘konlar COVID-19 tarqalishi uchun g‘oyatda xavfli joylardir. Maqsadimiz – odamlar uyda qolsin, infeksiya tarqamasin va hamma talablarga rioya qilsin», deydi mulozim.

Bundan tashqari, barcha majlislar, to‘y va diniy marosimlar 30 kishidan oshirmaslik sharti bilan o‘tkaziladi. Ammo dorixonalar va banklar, asosiy korxonalar faoliyat ko‘rsatadi.

Elchixonalarda ham ahvol chatoq

Iqtisodiy qiyinchiliklar barcha sohalarda sezilmoqda. Masalan, Zimbabvening turli mamlakatlardagi elchixona va konsulliklari juda uyatli holatda ishlashga majbur bo‘lishmoqda.

Milliy parlamentning xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Kaindnes Paradza xonimning Zimbabve teleradio korporatsiyasiga ma’lum qilishicha, elchixonalar xodimlari yarim buzilgan uylarda yashashmoqda, mashinalar eskirib ketgani sababli, diplomatlar jamoat transportidan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Diplomatik missiyalar joylashgan binolarning ahvoli ham juda abgor. Mamlakatning Nyu-York, JAR, Zambiya va Mozambikdagi elchilari qarorgohlari ham talab darajasida emas. Tez orada diplomatik missiyalar ijara haqlarini o‘z vaqtida to‘lay olmagani sababli binolardan haydab chiqarilishi mumkin.

Zimbabve tashqi ishlar vazirligi 2021 yilda xorijdagi vakolatxonalarni faoliyatini moliyalashtirish uchun 672 ming dollar mablag‘ so‘ragan. Biroq moliya vazirligi pul yo‘qligi sababli atigi 114 100 dollar ajratgan. Natijada tez orada chet eldagi diplomatlar ommaviy bo‘shatilishi mumkin.

Zimbabve xorijda 28 ta elchixona va 11 ta konsullikka ega. O‘z navbatida mamlakat poytaxti Xarareda 34 davlat elchixonasi va 5 konsulligi faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, 48 ta xorijiy davlatlarning Zimbabveda akkreditatsiyadan o‘tgan elchilari qarorgohlari JARning poytaxti Pretoriya va Efiopiya poytaxti Addis-Abebada joylashgan. 5 mamlakat, jumladan Polsha va Chexiya bu yerdagi elchixonasini yopdi.

10 ming soxta xizmatchi aniqlandi...

Jahon oziq-ovqat dasturlari ogohlantirishicha, milliondan ortiq zimbabvelik so‘nggi uch yilda to‘xtovsiz kechayotgan qurg‘oqchiliklar, iqtisodiy beqarorlik va pandemiya tufayli ochlik domiga tortilgan. Hozirning o‘zidayoq 7,6 million kishi qashshoqlikda kun kechirmoqda. 17 million aholisining yarmi qishloq joylarida istiqomat qilayotgani bois suv hayot-mamot masalasiga aylandi.

Shuncha ko‘rguliklar bo‘lib turganda, 10 ming soxta davlat xizmatchisi ishlamasdan oylik olib kelgani aniqlandi. Jahon banki davlat xizmatchilari va kompaniyalari biometrik hisobini yuritishga ko‘mak tizimini joriy etgach, mana shunday talon-torojliklarga qo‘l urilgani oshkor bo‘lib qoldi.

«Biz har bir ishchi o‘rni, har bir amaldor va davlat xizmatchisini biometrik tekshiruvdan o‘tkazdik, – deydi Zimbabve davlat xizmati bo‘yicha Komissiyaning mehnat resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Mozes Mike. – 10 ming «noma’lum sharpa»ning nomi idoralarning hisob-kitob hujjatlarida aks etgan. Ular haqiqatda ishlashmagan, ammo ularga oylik maoshlari o‘tkazib kelingan».

Hozirda pullarni aynan kim olib kelgani, nomlari qayd etilgan shaxslar aslida kimlar bo‘lgani, ko‘rilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayni paytda Zimbabveda 300 ming davlat xizmatchisi bo‘lib, ularning ish haqlari uchun davlat budjeti daromadlarining 90 foizi to‘lanadi.

Fermerlarni rozi qilishmoqda...

Qishloq xo‘jaligini boshqarish borasidagi yana bir masala tufayli tarmoqdagi ahvol jiddiylashib turibdi. 

Moliya vazirligi arizasiga ko‘ra, shu kunlarda hukumat oq tanli fermerlarning kollektiv davosini qanoatlantirishni rejalashtirmoqda.

2000 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlari va mulklarni majburiy qayta taqsimlash chog‘ida ular yo‘qotilgan o‘z boyliklari hisobiga 3,5 milliard AQSh dollari tovon puli talab qilishmoqda.

Mamlakat Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davrdan buyon bu fermerlarning xususiy mulklari bo‘lib kelgan yer uchastkalarining tortib olingach, hukumat tomonidan sotib olish to‘xtatilganda fermerlar xalqaro sudga murojaat qilishdi. Britaniya avvaliga esa Zimbabvega fermerlar yerlarini sotib olish uchun mablag‘lar taqdim etishga va’da bergan bo‘lsa-da, tomonlar kelisha olmagani sababli buni amalga oshirmadi.

Hukumatning yon bermaslik siyosati oqibatda valyuta tushumlari keltiradigan, eksportni ta’minlaydigan soha to‘liq barbod bo‘ldi. Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va qator davlatlar Zimbabvening fermerlik siyosatiga qarshi mamlakatga iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llamoqda.

Muammoga uzil kesil nuqta qo‘yish maqsadida mamlakat rahbariyati 65 foiz ulushi davlatga tegishli «Kuvimba Mining House» kon kompaniyasiga oq tanli fermerlarning tovon pullarini to‘lab berish majburiyatini yuklamoqda. Ulkan miqdordagi mablag‘larni tez fursatlarda to‘plash uchun hukumat davlatning qarz obligatsiyalarini chiqarish niyatida.

Bu sa’y-harakatlar kelgusida mamlakatning xalqaro tashkilotlarga a’zoligini qayta tiklab, nafaqat moliyaviy yordamlar olishini osonlashtiradi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelishini faol rag‘batlantiradi.

Bu shuning uchun ham muhimki, hukumatning noto‘g‘ri iqtisodiy siyosati tufayli mustaqillik yillarida butun sanoat salohiyati amalda yo‘qotildi. Inflyasiya va ishsizlik darajasi nihoyatda yuqori. Import qilinayotgan jihoz va texnologiyalarsiz beqiyos ulkan yer osti qazilma boyliklarini samarali qazib olish imkonsizdir.

Bundan tashqari, elektr energiyasini olish va qishloq xo‘jaligini samarali suv bilan ta’minlash maqsadida Zimbabve qo‘shni Zambiyaga bilan birgalikda yiliga 750 million dollar foyda keltiradigan va 10 ming odamni ish bilan ta’minlaydigan Batoka-Gorj GESning qurilish ishlarini shu kunlarda boshlash arafasida. Bu haqda loyiha bosh ijrochi muhandisi Munyaradzi Munodavafa «The Herald» agentligiga ma’lum qildi.

O‘tgan hafta Zambezi daryosini boshqarish bo‘yicha loyiha muhokamasida to‘g‘on inshoatini ikki davlat chegarasida shakllantirilishi ma’lum qilindi.

Unga muvofiq, GESga yaqin Zimbabvening Xvange qishloq okrugi kengashida bir necha million dollarga shahar qurilishi rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yili 1 oktyabrdan xorijiy sayyohlar uchun mamlakat chegarasi ochildi. Shu tariqa uzoq yillar Robert Mugabe (1987-2017) diktatorligi davrida yo‘l qo‘yilgan xatolarni yangi hukumat tuzatishga katta siyosiy iroda ko‘rsatib kelmoqda.

Lobar Shomurodova,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring