Zelenskiy va Poroshenko. Debat qanday o‘tdi?
Ukraina prezidentligiga da’vo qilayotgan Petr Poroshenko va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida kecha asosiy debat bo‘lib o‘tdi. Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida bo‘lib o‘tgan tortishuv tafsilotlari bilan quyida tanishib olishingiz mumkin.
Debat boshlanishi oldidan Poroshenko o‘z tarafdorlarini Maydan Nezalejnostida yig‘di va so‘ngra Kiyev ko‘chalari bo‘ylab stadion tomon yo‘l olishdi. Debat boshlanishi oldidan qoida tushuntirildi: har bir nomzod besh daqiqa nutq so‘zlaydi va raqibiga savol berishi mumkin. Boz ustiga moderatorlar ham har bir nomzodga uchtadan savol berishadi.
Debat boshlanishi oldidan moderatorlar qur’a tashlashdi va unga ko‘ra dastlab so‘z Zelenskiyga berildi.
Zelenskiy avvalo Poroshenkoni Yevromaydan natijasida qo‘lga kiritilgan hokimiyatdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanish, Donbassdagi urushni boshlash va uni besh yildan buyon tugata olmaslikda aybladi. «Biz avvalgi saylovda boshqa Poroshenko uchun ovoz bergandik — yaxshi notiq, mutaxassis va moliyachi uchun. Ammo uning o‘rniga Petr ikkinchini saylagan ekanmiz», — deydi Zelenskiy.
Poroshenko esa o‘z navbatida Zelenskiyni Ukraina xalqidan bekinib yurishda aybladi. Shu bilan birga Ukraina armiyasida xizmat qilishdan bo‘yin tovlaganini ham ta’kidlab o‘tdi. «Hozir biz juda chiroyli qadoqlangan, qimmatbaho va yaltiroq sovg‘ani ko‘rib turibmiz. Hamma unda o‘ziga kerak narsani ko‘radi: soliq kamayishi, pensiya oshishi, Rossiyaga qaytish va Yevropa tomon harakatlanish. Ammo bu shunchaki ro‘yo», — dedi Poroshenko.
Shuningdek Poroshenko Zelenskiyni oligarx Igor Kolomoyskiy bilan yaqin aloqada ekanini eslatib turgan. Shoumen oligarxga tegishli «1+1» telekanali bilan muntazam hamkorlik qiladi.
Zelenskiy esa savol berish huquqini qo‘lga kiritgach, undan quyidagilarni so‘radi: «Qanday qilib 24 dengizchini Kerch bo‘g‘oziga jo‘natish mumkin edi? Nima uchun noqonuniy boyish haqidagi qonunni bekor qildingiz? Nima uchun deputatlardan dahlsizlik maqomi olib tashlanmadi? Bu mening savollarim, Petr Alekseyevich, marhamat, istaganingizni tanlab, javob berishingiz mumkin», — deydi Zelenskiy.
Poroshenko Zelenskiyga Ukraina armiyasini zamonaviy qurollantirganini pesh qildi: «Biz armiyani qayta tashkil etdik. Siz esa o‘sha vaqtda chaqiriq qog‘ozi olmay, armiyadan qochib yurgandingiz», - deydi Poroshenko. 2014 yilda Ukraina armiyasi asosan sobiq sovet davridan qolgan qurollar bilan jang qilar edi. Shu tariqa Poroshenko raqibiga Yevropa davlatlari va AQShdan harbiy texnika sotib olinganini eslatib o‘tdi.
Poroshenko Zelenskiyni siyosatchi sifatida tajribasizlikda aybladi. Zelenskiy esa aksincha, Poroshenkoga butun boshli mamlakat ishonib topshirilgani, ammo u tanishlariga korrupsiya uchun yo‘l ochib bergani va gaz hamda kommunal xizmatlar uchun to‘lovni oshirganini aytib o‘tdi.
Bunga javoban Poroshenko shunday dedi: «Mening do‘stlarimdan hech kim korrupsiyaga aloqador emas. Kimdir darhaqiqat aybdor bo‘lsa, u mening do‘stim bo‘lmaydi va qamoqqa tushadi. Bu demokratik davlatning prinsipidir».
Poroshenko javob berib bo‘lgani hamono Zelenskiyni yana oligarx Kolomoyskiy bilan aloqada bo‘lishda aybladi. Zelenskiy uning Ukraina besh yildan so‘ng qanday holatda bo‘lishi haqidagi savoliga javob berishni istamadi.
«Meni Kolomoyskiy bilan aloqada aybladingiz, ammo Ukrainadagi telekanallarning barchasi oligarxlarga tegishli, Kolomoyskiy, Pinchuk, Firtash, Axmetov. Hurmatli prezident, eslatib qo‘yay, o‘z vaqtida siz ham meni Beshinchi kanalga ishga taklif etgan edingiz», — dedi Zelenskiy.
Debat davomida nomzodlar tiz cho‘kishga qadar borishdi. Xususan, Poroshenko Zelenskiyga shunday savol berdi: «Ukrainani fohishalikda ayblaganingiz uchun qachon kechirim so‘raysiz?»
Zelenskiy avvalo bu gap uning nutqidan qirqib olinganini ta’kidladi. U Maydan vaqtida urush tugashi uchun Vladimir Putin qarshisida tiz cho‘kishga ham tayyor bo‘lganini aytgan edi. «Men hozir ham o‘z o‘g‘lini qayta ko‘ra olmaydigan har bir ona, o‘z erini qayta kutmaydigan har bir ayol qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman. Men tayyorman va men tiz cho‘kaman. Siz ham shunday qiling», — dedi Zelenskiy va sahna oldiga o‘tib, tiz cho‘kdi.
Poroshenko esa orqasiga o‘girilib, sahna ortida o‘zini qo‘llab turgan Donbass jangchilari hamda Ukraina bayrog‘i tomon tizzalashga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada prezidentlik saylovining ikkinchi turi 21 aprelda bo‘lib o‘tadi. Ayni vaqtda Zelenskiy so‘rovnomalarda ustunlik qilib turibdi. Saylovchilarning 70 foizi unga ovoz berishini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter