Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zalujniy ketmadi, lekin uning Zelenskiy bilan munosabatlari keskinlashmoqda

Zalujniy ketmadi, lekin uning Zelenskiy bilan munosabatlari keskinlashmoqda

Bir qator OAVlarda tarqalgan axborotlarga qaramasdan Valeriy Zalujniy hanuzgacha Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lib qolmoqda.

Ammo Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy haqiqatan ham Zalujniyni ishdan bo‘shatish niyatida ekanligi haqidagi ma’lumotni seshanba kuni Britaniyaning Financial Times ishbilarmonlik gazetasi manbalari tasdiqladi.

Ta’kidlanganidek, dushanba kuni Zelenskiy Zalujniyga yangi lavozim taklif qilgan, biroq u rad javobini bergan. Bu ma’lumotlar FT jurnalistlariga munozaralardan xabardor bo‘lgan to‘rtta manba tomonidan ma’lum qilindi.

Nashr manbalarining qayd etishicha, natijada Zelenskiy Zalujniyni ishdan bo‘shatgani yo‘q va OAVda bosh qo‘mondonning lavozimidan ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lganidan keyin bir muncha vaqt bu qadamni qo‘ymasligi ham mumkin.

Britaniya gazetasi manbalari Zelenskiyning idorasi Zalujniyni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida allaqachon qaror qabul qilganini da’vo qilmoqda, bu haqda prezident dushanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bosh qo‘mondonga ma’lum qilgan.

Zelenskiy Zalujniyga maslahatchi lavozimini taklif qilgan, general esa buni rad etgan.

Zalujniyni aynan qachon ishdan bo‘shatilishi va uning o‘rniga kim kelishi hozircha noma’lum, deb yozadi mualliflar. Bosh qo‘mondon lavozimiga ehtimoliy nomzodlar orasida Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy va Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ham bor. Ularning ikkalasi ham Zelenskiyga yaqin, deydi mualliflar.

Ular, shuningdek, Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolayotganini va o‘tgan yilning noyabr oyida jurnalistlar o‘zaro kelishmovchiliklar haqida faol xabar bera boshlaganini yozishadi.

Nashrda ta’kidlanganidek, Zalujniyning ishdan bo‘shatilishi Ukraina zobitlari va fuqarolik jamiyatining noroziligiga sabab bo‘ladi.

FT ekspertlardan biri, harbiy tarixchi Mixail Jiroxovning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam armiyaga juda salbiy ta’sir qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring