Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya mudofaa qobiliyatini muttasil oshirmoqda

Yaponiya mudofaa qobiliyatini muttasil oshirmoqda

Foto: «Politobzor.net»

Yaponiya ushbu oyda dushman bazalariga zarba berishga ruxsat berish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Mamlakat hukumati milliy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaldagi davlat strategiyasini, xususan, favqulodda vaziyatlarda dushman hududidagi bazalarga havodan harbiy hujumlarga yo‘l qo‘yishga izn beruvchi nizomni qonunchilik hokimiyati vakillari taqdim etish niyatida.

Bu haqda «Nikkei» gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Taxminlarga ko‘ra, strategiyani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalar hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) rahbariyati va konservativ «Komeyto» partiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Yangi hujjatni 2022-yil yoz faslida bo‘lib o‘tadigan parlament yuqori palatasiga saylovlardan keyin kiritish mo‘ljallangan.

Bosh vazir Fumio Kisida bir necha bor dushman bazalariga zarba berish masalasini keng muhokama qilishga chaqirdi. U, xususan, qo‘shni mamlakatlarda yangi harbiy texnologiyalar, jumladan, gipertovushli raketalar va o‘zgaruvchan parvoz trayektoriyasiga ega raketalarning paydo bo‘layotganiga to‘xtaldi. Bu esa Yaponiyaning xavfsizligi uchun jiddiy xatar bo‘lib, o‘z vaqtida javob choralarini ko‘rish uchun harbiylar doim shay va tayyor turishlari kerak.

Hukumat rahbari, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda dushman bazalariga qarshi zarba berish xalqaro huquq normalariga mos keladimi yoki yo‘qmi, degan masalani ham puxta o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

Hozirda Yaponiya uzoq masofali ballistik yoki qanotli raketalarga ega emas. Raketalarga ega ikkita vertolyotni yengil samolyot tashuvchisiga aylantirish uchun modernizatsiya ishlari olib borilmoqda, xolos.

Yaponiya o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari Xitoy xalq ozodlik armiyasining mintaqadagi faolligini katta tahdid deb bilmoqda. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning yadro va raketa dasturlari to‘xtovsiz kuchayib, faollashib borayotgani Tokioni taraddudlantirib qo‘ygan. Rossiyaning ham dengizdagi salohiyati o‘sib borayapti, Kurill orollari bo‘yicha hanuz tinchlik bitimi imzolanmagan va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ham iliq deb bo‘lmaydi. Qolaversa, Yaponiyaga yaqin dengiz suvlarida Rossiya va Xitoy kemalarining qo‘shma harbiy mashqlari o‘tkazilgani Yaponiyaning an’anaviy ittifoqchisi AQSh bilan harbiy hamkorlik borasidagi aloqalarini yanada kuchaytirishga undamoqda. Shu bilan birga, bundan keyin o‘zi ham jiddiy choralar ko‘rishi kerakligini, raketaga qarshi mudofaa tizimlarining yangi avlodlarini joylashtirish zaruratini tushunib yetmoqda.

Maftuna A’zamjonova,

xalqaro jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring