Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangizelandiyalik mergan masjidga hujum qilish uchun bir yildan ortiq tayyorgarlik ko‘rgan

Yangizelandiyalik mergan masjidga hujum qilish uchun bir yildan ortiq tayyorgarlik ko‘rgan

Foto: «Gazeta.ru»

2019-yil mart oyida Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida masjidlarga hujum uyushtirgan avstraliyalik Brenton Tarrant bosqinchilikka puxta tayyorgarlik ko‘rgan va jinoyatni bir yildan ortiq ipidan ignasigacha rejalashtirgan. Bu haqda mazkur ish yuzasidan sud yig‘ilishida taqdim etilgan mahalliy politsiya ma’lumotlariga tayanib Yangi Zelandiyaning «Stuff» yangiliklar portali xabar berdi.

24-avgust kuni portalda chop etilgan materialga ko‘ra, 29 yoshli qotil 2017-yil Yangi Zelandiyaga yetib kelib, Danidinga joylashgan. O‘sha yili sentyabrda u o‘qotar qurol olish uchun ariza bergan va bosqinchilikka qadar qurol-yarog‘ to‘plagan. Gap kuchli o‘qotar qurollar, harbiy maqsadlarda ishlatiluvchi mo‘ljalga oluvchi komplekslar, zirhli nimcha va yetti mingdan ortiq patron haqida bormoqda. Yovuz niyatli kishi, shuningdek, merganlik klublariga qatnay boshlagan va quroli tezroq otish uchun tepki mexanizmlarini modernizatsiya qildi.

Shu bilan bir paytda u internet orqali masjidlarning rejasi va joylashuvi, ularning ichki fotosuratlari, shuningdek, masjidlar qachon odamlarga to‘la bo‘lishini aniqlash uchun islomiy bayramlar taqvimini o‘rganib chiqdi.

2019-yil 15-mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida ikkita masjidda terrorchilik harakati sodir etilgan. Yovuz niyatli odam ibodatga keluvchilarni shafqatsizlarcha o‘qqa tuta boshlagan. Buyam yetmaganday, o‘z qilmishini internetda namoyish etgan. O‘shanda 50 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jon berishgan. Hujum terrorchilik harakati deb tan olingan. Qo‘lga olingan Tarrant aybiga iqror bo‘lgan, advokatlar xizmatidan bosh tortgan va sudda o‘zini o‘zi himoya qilishga qaror qilgan, deb yozadi «Gazeta.ru».

U 51 ta qotillik va 40 ta suiqasd, shuningdek, terrorchilik harakatida ayblanmoqda. OAV xabariga ko‘ra, Tarrant Yangi Zelandiyada muddatidan oldin ozod qilish huquqidan mahrum etilgan holda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan birinchi jinoyatchiga aylanishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring