Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda «svet» o‘chmoqda. Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Xitoyda «svet» o‘chmoqda. Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Foto: «Google.com»

Xitoyda energetika inqirozi ro‘y bermoqda. Bu esa o‘z navbatida sanoat mahsulotlarini jahonga, shu jumladan O‘zbekistonga yetkazib berish zanjirlarining uzilishiga olib kelishi mumkin. The Times gazetasida chop etilgan maqolada turli tovarlarning global taqchilligi yuzaga kelishi haqida so‘z bormoqda.

So‘nggi haftalarda Xitoydagi ko‘plab zavod va fabrikalar o‘z ishini qisman to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Gazetaning yozishicha, Xitoyning 20 ga yaqin provinsiyasida ko‘mir taqchilligi sababli elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar o‘rnatilgan. Natijada, o‘n minglab korxonalar ikki kunlik ish haftasiga o‘tgan yoki umuman ishlamayapti.

Uzoq muddatli istiqbolda bu tovarlarni yetkazib berish zanjiriga ta’sir qiladi, shuningdek, bozorda taklifning yetarli emasligiga va keyinchalik mahsulot narxining oshishiga olib keladi. Xabar qilinishicha, hozir Xitoyda energiya inqirozi sharoitida mahsulot ishlab chiqarish odatdagidan ikki baravar ko‘p vaqt olmoqda.

Gollandiyaning ING banki tahlillariga ko‘ra, Xitoydan yetkazib berishdagi uzilishlar 2022 yilning ko‘p qismida davom etishi mumkin. Shu bilan birga, mahsulotlar narxining oshishi 10-12 foizga yetishi kutilmoqda.

Sentyabr oyida Xitoyning 20 ga yaqin viloyat va boshqa hududlarida ko‘mir tanqisligi va elektr tarmog‘idagi yuk tufayli elektr energiyasi iste’moliga turli cheklovlar joriy etildi.
Heylongjiang, Jilin, Liaoning provinsiyalarida elektr quvvati yo‘qligi sababli nafaqat sanoat, balki yashash xonadonlari uchun ham cheklovlar joriy etildi.

Mamlakat sharqi va janubidagi energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi korxonalarga to‘liq quvvatda ishlamaslik yoki faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xitoy nashrlarida yozilishicha, ko‘mir tanqisligining asosiy sababi uning narxining oshishi va milliy ekologik standartlarning kuchaytirilishidir. Shu bilan birga importdagi uzilishlar ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Ushbu voqealar fonida sentyabr oyida Xitoyga ko‘mir importi yillik hisobda 76 foizga o‘sdi va 32,88 million tonnani tashkil etib turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring