Xalqaro sud Isroilga majburiyat yukladi
BMT Xalqaro sudi Isroil ma’muriyatiga G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilmaslik va falastinliklar huquqlarini buzmaslik talabini qo‘ydi.
Ayni vaqtda Haagadagi xalqaro mahkamada JAR tomonidan Isroilga qarshi genotsid ayblovi bo‘yicha kiritilgan da’vo arizasi ko‘rib chiqilmoqda. Joriy yil 26 yanvar kuni qabul qilingan dastlabki qarorda Isroil G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rishi lozimligi belgilangan.
Mahkama tomonidan kuni kecha qabul qilingan rasmiy hujjatda 26 yanvar kungi qarordan keyin ham G‘azoda vaziyat yomonlashib borayotgani urg‘ulangan.
Mahkamaga ko‘ra, G‘azo sektoridagi falastinliklar uzoq vaqtdan buyon halokatli shart-sharoitda, oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj mahsulotlaridan mahrum holda kun kechirmoqda. Shunga ko‘ra xalqaro sud Isroilga G‘azo sektoriga BMT bilan hamkorlikda oziq-ovqat, suv, yonilg‘i, dori-darmon yetkazish, tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish majburiyatini yukladi.
Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 29 dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi. Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisini qasddan qirishda ayblanmoqda.
G‘azoda ochlik avj olishi ortidan JAR 6 mart kuni Xalqaro sudga Isroilga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rishni so‘rab takroriy murojaat yo‘llagan edi.
Qamal holatidagi G‘azo sektorining 2,3 million aholisi, xususan, yuz minglab bolalar ochlik domida qolmoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Isroilning ochlikdan aziyat chekayotgan G‘azo aholisiga insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilayotgani harbiy jinoyat sifatida tasniflanishidan ogohlantirdi.
17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan. Ayni paytda aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.
BMTga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortgan.
YuNISEF Isroil «bolalarga qarshi urush» olib bormoqda deb hisoblaydi.
2023 yil oktyabrdan 2024 yil fevralga qadar G‘azo sektorida 12300 dan ziyod bola halok bo‘ldi. Bu oxirgi to‘rt yil ichida butun dunyodagi urushlarda halok bo‘lgan bolalar sonidan (12193 nafar) ham ko‘proqdir.
Bombardimonlar, ochlik va yuqumli xastaliklar sabab o‘lim soni kun sayin oshib bormoqda.
Xalqaro tartib shu qadar ojiz va zaif holga kelganki, hatto BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyusiyaga ham rioya qilinmayotir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter