Ukraina Belarusdan «Kremlning xarxashalariga quloq solmaslik»ni talab qildi

Ukraina tashqi ishlar vazirligi Belarus rahbariyatidan Kremlning xarxashalariga quloq solmaslikni talab qildi. Bu haqda Ukraina Belarus hududiga hujum qilishga tayyorlanayotgani xususidagi iddaoga javoban tarqatilgan bayonotda so‘z boradi.
Gap shundaki, 8 oktyabr kuni Ukrainaning Minskdagi elchisi Igor Kizim Belarus tashqi ishlar vazirligiga chaqiritirilgan va unga norozilik notasi topshirilgan. Unda Ukraina Belarusga hujum qilishga hozirlanayotgani qayd etilgan. Rasmiy Kiyev Minskning bu da’vosini rad etgan.
«Ukraina hech qachon boshqa davlat hududiga ko‘z olaytirmagan. Biz BMT nizomi va xalqaro huquq tamoyillari hamda asosiy me’yorlariga og‘ishmay rioya qilamiz», – deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etilishicha, so‘nggi hodisalar Moskvaning Belarus hududida provokatsiya sodir etib, bu borada Ukrainani ayblashga urinishi ehtimolidan dalolat bermoqda. Shunga ko‘ra, rasmiy Kiyev qo‘shni mamlakat rahbariyati va xalqini ogohlikka undagan.
«Belarus hukumati Kremlning xarxashalariga quloq solishni bas qilishi va Ukrainaga bosqin borasida Rossiyaga ko‘mak ko‘rsatishni to‘xtatishi lozim», – deb hisoblaydi Ukraina TIV.
Avval xabar berganimizdek, Litva mudofaa vaziri Arvidas Anusauskas Minskdagi Ukraina elchisiga nota taqdim etilganini izohlab, Rossiya taktik yadro qurollari o‘rniga Lukashenkoni qo‘llayotgani haqida gapirgan. Vazirga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad imkon qadar ko‘proq Ukraina kuchlarini frontdan Belarus chegarasiga olib o‘tishdan iborat.
Rasmiy Minsk o‘tgan hafta Kiyevga qarshi jiddiy ayblovni ilgari surdi. 4 oktyabr kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko xavfsizlik masalalariga oid yig‘ilishda Ukraina chegara bo‘ylab 15 ming harbiy xizmatchini safarbar etgani, ular blokpost va o‘t ochish pozitsiyalarini barpo qilayotgani haqida gapirdi. U, ayni choqda, Polsha, Litva va Latviya ham Belarus bilan chegarada kuch yig‘ayotganini aytgan, ammo bu borada dalil keltirmagan.
Ukraina urushida Belarusning ishtiroki masalasi turli bahslarga sabab bo‘lmoqda. Fevral oyida, urushning ilk kunlarida Belarus Rossiya harbiylari va texnikasini o‘z hududi orqali Ukrainaga o‘tkazgani ma’lum. Oktyabr oyi boshida Aleksandr Lukashenko Belarus Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»da ishtirok etayotgani, ammo u yerga o‘z harbiylarini yubormagani, odamlarni o‘ldirmayotganini qayd etgan. Urush boshidan buyon Belarus janubida parvozlar cheklangan. O‘tgan 7 oy davomida Belarus hududidan Ukrainaga raketalar uchirilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter