Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«U Istanbulning ramzlaridan biri bo‘ladi!» – Prezident Erdo‘g‘on ishtirokida yangi jome’ masjid ochildi

«U Istanbulning ramzlaridan biri bo‘ladi!» – Prezident Erdo‘g‘on ishtirokida yangi jome’ masjid ochildi

28 may kuni Istanbul shahrining tarixiy hududida Taqsim jome’ masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ibodatgohda o‘qilgan ilk juma namozida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham qatnashdi. 

Turkiya rahbari Taqsim masjidining qurib foydalanishga topshirilishi Istanbul musulmonlarining bir yarim asrlik kurashlari natijasi ekani, masjid ko‘hna shaharning yangi ramzlaridan biriga aylanishini ta’kidladi.

Taqsim maydonida masjid barpo etish masalasi o‘nyilliklar davomida turk jamoatchiligi orasida muhokamayu munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Qayd etilishicha, Istanbulning ushbu tarixiy qismida masjid qurish g‘oyasi Usmonli-Rusiya urushi yillarida tug‘ilgan. Ammo yillar davomida ushbu g‘oya ro‘yobiga jamiyatdagi turli siyosiy guruhlar to‘sqinlik qilib kelgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1994 yili Istanbul shahri hokimi lavozimiga saylangan paytdayoq Taqsimda jome’ masjid barpo etish niyatini bildirgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra bu reja ortga surilgan va nihoyat oradan 27 yil o‘tib ushbu niyat ro‘yobga chiqdi.

Poydevori 2017 yil 17 fevralda qo‘yilgan jome’ masjid zamonaviy me’morchilik hamda tarixiy an’analar uyg‘unligida qurilgan. Xonaqoh va ichki sahnda bir paytda 4000 ga yaqin musulmon namoz o‘qishi mumkin. 2482 kvadrat metr hududni egallagan majmuadan kutubxona, ko‘rgazmalar zali va boshqa inshootlar ham o‘rin olgan.

R.T.Erdo‘g‘on Taqsim masjidi Istanbul fathining 568 yilligiga o‘ziga xos tuhfa ekanini ham ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil bahorda Bosforning chap sohilida muhtasham Chamlija (Çamlıca) jome’ masjidi qurib foydalanishga topshirilgan edi. 6 yil davomida qurilgan va 63 ming kishini sig‘diradigan ibodat maskani Istanbulning eng katta masjidi sanaladi.

Avval xabar berganimizdek, 2020 yil 24 iyul kuni Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etildi va salkam bir asr davomida muzey sanalgan maskanga masjid maqomi qaytarildi.

Taqsim – Chamlija hamda Ayo Sofiyadan keyin uchinchi yirik masjid ekani aytilmoqda. Ayni paytda Istanbulda Xayriddin Barbaros Pasha nomli yana bir ulkan jome’ qurilishi davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring