Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkmanistonda kattalarni koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etiladi

Turkmanistonda kattalarni koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etiladi

Foto: «Global-geography.org»

Turkmanistonda 18 yoshdan oshganlar uchun koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etilmoqda. Bu haqda chorshanba kuni rus tilida chiquvchi hukumatning «Neytral Turkmaniston» gazetasi xabar berdi.

«18 yoshdan oshgan barcha kishilar COVID-19 ga qarshi profilaktik emlashni olishda tibbiy qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, emlanadilar», — deyiladi Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi axborot markazining gazetada chop etilgan bayonotda.

Vaksinaning har qanday tarkibiy qismlariga allergik reaksiyasi bo‘lganlar, homilador va emizikli ayollar, 18 yoshgacha bo‘lgan kishilar, shuningdek, isitmasi yuqori bo‘lgan, o‘tkir va surunkali kasalliklardan qiynalayotgan shaxslar emlashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, mamlakatda COVID-19 ga qarshi profilaktika vaksinalarining zarur zaxirasi yaratilganligi va aholini ushbu infeksiyaga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish jarayonlari davom etayotgani qayd etildi.

Shu paytgacha bir necha oy davomida Turkmanistonda xavf guruhidagi odamlar va qariyalar koronavirusga qarshi o‘z xohishiga ko‘ra emlanishdi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar Rossiyaning «Sputnik V» va Xitoy vaksinalari bilan emlanmoqda.

Turkmanistonda koronavirusning yangi turini yuqtirgan holatlar qayd etilmagan, deydi rasmiylar. Shu bilan birga, mamlakatda niqobli tartib va savdo, xizmat ko‘rsatish va transportga qator cheklovlar joriy etildi. Hozirda ba’zi cheklovlar bekor qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring