Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada mamlakat tarixini o‘zgartirgan muhim sana bayram qilinmoqda

Turkiyada mamlakat tarixini o‘zgartirgan muhim sana bayram qilinmoqda

Foto: AA

Turkiyada muhim tarixiy hodisa – Malazgirt g‘alabasining 951 yilligi keng nishonlanmoqda.

Tarixiy jang ro‘y bergan hudud – Turkiyaning Bitlis viloyatidagi Ahlat milliy bog‘ida o‘nlab ulkan chodirlar tikilgan. Bu yerda tashkil etilgan anjumanda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ishtirok etdi. Turkiya rahbari Malazgirt zafari turklar taqdirini butkul o‘zgartirganini qayd etar ekan, qahramonlarni hurmat bilan yodga oldi. Erdo‘g‘on Turkiya bugun ham omonsiz jang muhitida yashab kelayotganini ta’kidladi.  

Turkiya rahbari an’anaga ko‘ra Bitlisdagi saljuqiylar davriga oid qadimiy qabristonni ham ziyorat qildi. Mazkur qabriston YuNESKOning butunjahon madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Malazgirt g‘alabasi islom va turkiylar tarixi solnomasidagi muhim voqealar sirasiga kiradi. 1071-yilning 26-avgustida Saljuqiylar davlati sultoni Alp Arslon Malazgirtda Vizantiya imperatori Roman IV Diogenning bir necha baravar ko‘p sonli qo‘shini ustidan zafar qozongan. Mazkur g‘alaba turklarga Onado‘li darvozalarini ochib berdi. Keyinchalik olti asr davomida hukm surgan Usmonli saltanati hamda zamonaviy Turkiya davlati shakllanishiga ham ushbu tarixiy hodisa poydevor bo‘lgan deyish mumkin.

Tarix kitoblarida «Buyuk saljuqiylar davlati» deb atalgan turkiy saltanat (1038–1308) Yaqin va O‘rta Sharq, qisman Movarounnahrni birlashtirgan. O‘z davrida Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlari hamda Farg‘ona vodiysi saljuqiylar bayrog‘i ostida bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring